Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Koronavirus: Janubiy Koreyadagi rekord o‘sishning sababi nima?
Koronavirus epidemiyasining boshlang‘ich davrida ko‘rgan chora-tadbirlari tufayli dunyoga o‘rnak qilib ko‘rsatilgan Janubiy Koreyada holatlar soni yana ko‘paya boshladi. Mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq birinchi holat qayd etilgan 20 yanvardan beri jami 306 kishi vafot etdi. Hozirga qadar respublika bo‘yicha 15,5 mingdan ortiq holat aniqlangan.
Bu galgi virus o‘chog‘i – cherkov
Poytaxt Seul shahridagi cherkovda bo‘lgan 4500 kishidan 313 nafarida virus aniqlandi. Cherkov ibodat uchun yopildi va muhrlandi.
Marosimda qatnashganlarning barchasi karantinga olingan, «Sarang Jyeyl» cherkovi joylashgan hududda esa komendantlik soati joriy etildi.
Poytaxt Seulda jamoaviy tadbirlarda qatnashish soni 50 kishi etib belgilandi.
Prezident Mun Je Inga qarshi norozilik namoyishlari uyushtirgan cherkov a'zolari esa ularning harakatlari koronavirus bahonasida bostirishga urinilayotganini aytishmoqda.
Cherkov a'zolaridan biri 15 avgustdagi norozilik namoyishlaridan oldin cherkovda virus bo‘lmaganini, namoyishdan bir kun oldin o‘tkazilgan testlarda esa 300ta yangi holat aniqlanganini aytdi. «Bu hukumatning ishi. Ular virus bahonasida norozilik namoyishlarimizning oldini olishmoqchi», dedi u.
Mintaqada yashovchilar hukumatdan shikoyat qilishmoqda. Seullik bir fuqaro hokimiyat vakillari «cherkovni avvalroq yopib qo‘yishlari kerak edi» deb ta'kidlagan. «Qo‘shnilarimnikiga ham chiqa olmayapman, supermarketga bora olmayapman. Ular cherkovga juda yumshoq munosabatda bo‘lishdi. Endi esa badalini biz to‘layapmiz», dedi u.
Ma'lumot uchun, epidemiyadan eng ko‘p zarar ko‘rgan Tegu shahrida ham virus yashirin bir mazhab o‘tkazgan marosimidan keyin tarqalgandi.
Birinchi to‘lqin aprelgacha davom etgani aytilgandi
Iyun oyining ikkinchi yarmida Janubiy Koreya rasmiylari yangi ko‘tarilish bilan bir necha oylar davomida kasallikni yo‘q qilib bo‘lmasligi haqida ogohlantirgandi.

Epidemiya profilaktikasi va nazorati markazining rahbari Jyeong Yun-Kyonning ta'kidlashicha, epidemiyaning birinchi to‘lqini mamlakatda aprelgacha davom etgan.
Ammo may oyidan boshlab ba'zi joylarda, shu jumladan, poytaxt Seulning tungi klublarida virusga chalinish bilan bog‘liq yangi guruhlar paydo bo‘lgan.
O‘shanda – birinchi to‘lqinning boshlanishi va uning yakuni orasidagi eng yuqori cho‘qqida mingga ko‘tarilgan virusga chalinish holatlarining soni ketma-ket uch kun davomida nolga tushirilgandi.
Shuningdek, doktor Jyeong so‘nggi holatlar bilan mamlakatda epidemiyaning ikkinchi to‘lqini boshlanganini va bu davom etishini ta'kidlagan edi. Uning aytishicha, may oyining boshlaridagi bayram ta'tili poytaxt Seulda kuchaygan yangi to‘lqinning boshlanishi bo‘lgan. Zotan, ushbu mintaqada muqaddam holatlar soni juda kam edi.
Qanday choralar ko‘rildi?
Janubiy Koreyada ko‘rilgan himoya choralari karantin joriy etishni yoki har qanday hududga sayohat qilishni taqiqlashni ko‘zda tutmadi. Mavjud usul shubhali o‘zgarishlarni kuzatish va davolashni boshqarish jarayonini o‘z ichiga oladi.
50 milliondan ortiq aholiga ega Janubiy Koreya ayni kunga qadar ushbu kasallikning tarqalishining oldini olish uchun jiddiy harakat qildi. Maktablar yopildi, uydan turib ishlash tashviq qilindi, odamlarning bir joyda to‘planishiga sabab bo‘luvchi tadbirlarga barham berildi.
Biroq poytaxt Seulda ko‘chalarga chiqayotganlar soni kundan kunga ko‘payib bordi. Restoran, avtobuslar, metro qaytadan to‘la boshladi.
Koronavirus tahdidiga qarshi choralar ko‘rish odatiy holga aylandi. Gavjum binolarning kirish qismida odamlarning tana harorati termometr kameralari bilan o‘lchandi.
Liftlarda qo‘llarni tozalash uchun dezinfeksiya vositalari o‘rnatildi. Metrolarning kirish qismida maxsus kiyingan mutaxassislar odamlarga qo‘llarini tez-tez yuvishni eslatib turishdi.
Choralar yangidan kuchaytirilgandi
22 iyun kuni erta tongda poytaxt Seulning janubidagi Dijyeon shahar ma'murlari oz sonli yangi holatlar aniqlanishi ortidan muzey, kutubxona kabi jamoat joylarida yig‘ilishni taqiqlagandi.
Seul meri ham agar keyingi uch kun ichida har kuni yangi holatlar soni 30tani tashkil etsa va kasalxonalarning to‘liqlik darajasi 70 foizdan oshsa, shaharda ijtimoiy masofa choralari e'lon qilinishi mumkinligini aytgandi.
Mavzuga oid
13:32 / 14.05.2026
Koreyaga ishga yuborishdagi yirik sxema: Kun.uz bu haqda uch yil oldin bong urgan edi
19:26 / 06.05.2026
Janubiy Koreyaning sobiq birinchi xonimiga nisbatan hukmni og‘irlashtirgan sudya o‘lik holda topildi
16:10 / 27.04.2026
Janubiy Koreya O‘zbekistonda AT ta’limi uchun 14 mln dollar grant ajratadi
22:00 / 17.04.2026