Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ekspert: Buxoroda kasallanishning yuqori cho‘qqisidan o‘tildi desak ham bo‘ladi
Koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha viloyatlardagi vaziyat borasidagi turkum suhbatlarimiz davom etadi. Navbatdagi mehmonimiz Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Gavhar Jarilkasinova bo‘ldi va suhbatdoshimizga ham an'anaviy savollar bilan murojaat qildik.

Ma'lumot uchun:
* Gavhar Januzaqovna Jarilkasinova 1990 yilda Astraxan davlat tibbiyot institutining davolash fakultetiga o‘qishga kirgan. 1992 yilda Buxoro davlat tibbiyot institutiga o‘qishni ko‘chirib, institutni 1996 yilda tugatgan;
* 1996-1998 yillarda “Ichki kasalliklar” mutaxassisligi bo‘yicha klinik ordinaturani, 1999-2002 yillarda “Gematologiya va transfuziologiya” bo‘yicha aspiranturani bitirgan;
* 2002-2020 yillar davomida kafedra assistenti, kafedra mudiri, vrachlar malakasini oshirish fakulteti dekani, o‘quv ishlari prorektori lavozimlarida ishlagan;
* Tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent, “O‘zbekiston aholisi orasida antianemik dori vositalarining tarqalishi, etiologik tarkibi, farmakoepidemiologiyasi va farmakoekonomikasi” mavzusida doktorlik ilmiy ishini yakunlash arafasida.
– Gavhar Januzaqovna, pandemiya sharoitida Buxoro davlat tibbiyot institutining ta'lim faoliyati qanday kechdi?
– Pandemiyaning dastlabki kunlaridanoq ta'lim berish jarayoni uzluksizligini ta'minlash dolzarbligini inobatga olgan holda, 2020 yil 25 mart kunidan e'tiboran institutimizning xorijiy fakulteti talabalariga masofadan o‘qitish ko‘rinishida ta'lim berila boshlandi. 1 apreldan boshlab esa masofadan o‘qitish deyarli barcha ta'lim yo‘nalishlarida yo‘lga qo‘yildi.
Ko‘pchilik uchun noan'anaviy bo‘lgan ushbu sharoitda professor-o‘qituvchilarimiz va talabalar o‘rtasida imkon qadar jonli muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida zarur shart-sharoit va dasturiy mahsulotlarning bo‘lishi juda muhim ahamiyatga ega edi. Shuning uchun ham tez va qisqa muddatlarda Moodle masofadan o‘qitish tizimi joriy etildi. O‘quv jarayonini uzluksiz davom ettirish uchun zarur bo‘lgan o‘quv kurslarining masofadan o‘qitish variantlari tezkorlik bilan yaratildi va Moodle tizimiga joylashtirilib, talabalarning masofadan turib shug‘ullanishlari uchun zarur sharoitlar, talabalarning kurslarga a'zo bo‘lishlari hamda faol qatnashishlari ta'minlandi. Ayni vaqtga kelib bu tizim orqali yangi o‘quv yilidan boshlab talabalarning to‘liq va muammosiz shug‘ullanishlari uchun zarur texnik va dasturiy ta'minotlar tayyor holatga keltirib bo‘lindi.
Tizimni yanada takomillashtirish ishlari davom ettirilmoqda.
Ma'lumot o‘rnida:
“Buxoro davlat tibbiyot institutida Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Belarus, Pokiston, Hindiston, Rossiya, Ozarbayjon, Afg‘oniston va Ukraina kabi xorijiy davlatlardan jami 309 nafar talaba tahsil oladi. Ularga ta'lim berish MDH davlatlari uchun rus tilida, uzoq xorijiy davlatlar uchun ingliz tilida, Turkiya tibbiyot fakulteti talabalari uchun turk tilida olib boriladi. Shulardan turkmanistonlik 244 nafar va hindistonlik 43 nafar talaba karantin sabab yotoqxonada qolgandi. Ularning bir qismi konsullar yordamida yurtlariga qaytarilgan bo‘lsa, qolganlariga institut jamoasi va ko‘ngillilar tomonidan zarur sharoitlar yaratib berilgan”.
– Koronavirus tarqalishi bo‘yicha ayni paytda viloyatdagi vaziyat qanday?

– Bugungi kunda Buxoro viloyatida aholi orasida COVID-19 bilan kasallanish jilovlandi va epidemiologik vaziyat barqarorlashmoqda. Kasallanishning yuqori cho‘qqisidan o‘tildi, desak ham bo‘ladi, yangi kasallanish holatlari qayd etilishi kamaydi. Iyul oyida viloyat bo‘yicha COVID-19ni davolashga mo‘ljallangan 22 ta maxsus shifoxona faoliyat olib borgan bo‘lsa, bugun ularning soni 9tani tashkil etmoqda. Institut professor-o‘qituvchilari tomonidan tashkil etilgan guruh davolash muassasalaridagi o‘ta og‘ir va og‘ir bemorlar bilan shug‘ullanib, ularning dinamikasi, olib borilayotgan davolash taktikasi va ahvolining yaxshilanishini nazorat qilib, vrachlarga amaliy yordam berib kelmoqdalar. Shunday bo‘lsa-da, biz kasallikning keyingi to‘lqini bo‘lishi ehtimolini hisobga olgan holda hushyor turishimiz lozim. Bu borada shifokor xodimlarimizni doimiy ravishda “COVID-19'ni erta tashxislash, davolash va oldini olish” mavzusida qisqa muddatli kurslarda o‘qitib kelmoqdamiz. Shu o‘rinda xorijiy hamkorlarimiz – Rossiya, Turkiya, Germaniya, Xitoy, Polsha tajribasini o‘rganish maqsadida malakali mutaxassislar tomonidan vebinarlar tashkil etilib, amaliyotdagi vrachlar jalb qilindi.
– Viloyatning qaysi shifoxonalari bu kasallikka qarshi kurashga moslashtirildi va ulardagi o‘rinlar soni qanaqa?
– Viloyatda koronavirus bilan kasallanish yuqori (pik) darajada bo‘lgan davrda koronavirus bilan kasallangan bemorlarni davolaydigan jami 22 ta shifoxona tashkil etildi (jami o‘rinlar (koyka) soni – 2299 ta), jumladan viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, viloyat bolalar ko‘p tarmoqli markazi, viloyat onkologiya, kardiologiya, teri va tanosil kasalliklari shifoxonalari, viloyat ftiziatriya va pulmonologiya markazi, RShTYoIM Buxoro filiali bu kasallikni davolaydigan muassasaga moslashtirildi.
Bundan tashqari Buxoro shahridagi "Semurg‘" va "Yoshlik" sport majmuasida, Buxoro davlat tibbiyot institutiga qarashli akademik litsey yotoqxonasida ham moslashtirilgan shifoxonalar tashkil etildi. Jumladan, Buxoro davlat tibbiyot institutining 108 nafar professor-o‘qituvchilar, klinik ordinatura rezidentlari va magistrantlar, yuqori kurs talabalari jalb qilingan holda Buxoro muhandislik-texnologiya instituti yotoqxonasida 297 o‘rinli maxsus shifoxona ochildi va u yerda 500 dan ortiq bemorlar davolandi.
Vaziyat barqarorlashgan hozirgi davrda bu shifoxonalar soni 9 gacha qisqartirildi (jami o‘rin 1223 ta) va yana 2 davolash muassasasi – viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Buxoro filiali faoliyati to‘xtatilish masalasi ko‘rilyapti.
– Viloyat o‘lim va og‘ir kasalliklar ko‘rsatkichlari bo‘yicha qanaqa o‘rinlarda?
– Albatta viloyatda kasallanish ko‘rsatkichlari yuqori holatda bo‘lgan davrda o‘lim holatlari ham qayd etildi. O‘limning asosiy sababi koronavirus bilan kasallangan bemorlarda ikkilamchi surunkali kasalliklar (qandli diabet, onkologik kasalliklar, yurak qon-tomir tizimi kasalliklari) mavjudligi va bemorlarning vrachga kech murojaat qilib, uyda o‘z-o‘zini davolash bilan shug‘ullanishlari bo‘ldi. Bugungi kunda vaziyat jilovlandi, aholi orasida uy sharoitida davolanish bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borildi, bu jarayonga professor-o‘qituvchilar, klinik ordinatura rezidentlari va magistrantlar ham jalb qilindi. Televideniye va ommaviy axborot vositalarida chiqishlar qilindi. Yuqorida aytganimizdek, malakali professor-o‘qituvchilar statsionar sharoitda davolanayotgan o‘ta og‘ir va og‘ir ahvoldagi bemorlar bilan shug‘ullanishga jalb qilindi.
– Buxoro viloyatida COVID-19'ga qarshi kurashish uchun kadrlar yetishmovchiligi qay darajada? Tibbiyot institutining yuqori kurs talabalarini bu jarayonga jalb qilish masalasi ko‘rilmayaptimi?
– Buxoro viloyatida COVID-19'ga qarshi kurashish jarayonida kadrlar yetishmovchiligi kuzatilgani yo‘q. Shunga qaramasdan, koronavirus infeksiyasi bilan kurashishga jalb qilingan amaliyotdagi vrachlar malakasini oshirish, xorij tajribasi bilan tanishtirib borish, shuningdek zaxiradagi kadrlarni tayyorlab qo‘yish maqsadida Buxoro davlat tibbiyot instituti tomonidan qator onlayn o‘quv kurslari va vebinarlar tashkil etildi. Jumladan, aprel-iyul oylari davomida Buxoro viloyatidan 92 nafar, Navoiy viloyatidan 39 nafar reanimatolog masofaviy o‘qitildi va sertifikat berildi. Bundan tashqari, Rossiya Federatsiyasining Ural davlat tibbiyot universiteti tomonidan tashkil etilgan “Koronavirus chaqirgan infeksiyani davolashda birlamchi tibbiy bo‘g‘in vrachlari taktikasi” mavzusidagi masofaviy ta'limda 300dan ortiq professor-o‘qituvchilar ishtirok etishdi. Shuningdek, xuddi shunday vebinarlar va masofaviy o‘qishlar Turkiya va Polsha davlatining malakali mutaxassislari tomonidan ham tashkil etildi va professor-o‘qituvchilar bilan birga amaliyotdagi vrachlar ham taklif etildi.
Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlaridan jami 125 nafar biologiya yo‘nalishini tugatgan bakalavrlarni virusologiya laboratoriyasi vrachi mutaxassisligiga tayyorlash bo‘yicha bir oylik onlayn kurslar o‘tkazilmoqda.
Shu bilan birgalikda, institut professor-o‘qituvchilari, klinik ordinatura rezidentlari, magistratura talabalari va doktorantlari COVID-19 bilan kasallangan og‘ir bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun mahalliy va Respublika reanimatsiya markazlariga, birlamchi tibbiy bo‘g‘in va koronavirusni davolashga moslashtirilgan shifoxonalarga jalb qilindi.
Koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha viloyat shtabi qoshidagi call-markaz xodimlari ham Buxoro davlat tibbiyot institutining malakali professor-o‘qituvchilari va magistratura talabalari hamda klinik ordinatura rezidentlaridan tashkil topdi.
Pandemiya davrida institut professor o‘qituvchilari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi:
– Koronavirus epidemiologiyasi, klinikasi, davolash va profilaktikasiga bag‘ishlangan 50dan ortiq o‘quv va uslubiy qo‘llanmalar, tavsiyanomalar chop etildi. Jumladan, qisqa muddatlarda COVID-19 bo‘yicha milliy qo‘llanma o‘zbek tiliga tarjima qilinib, Buxoro va Navoiy viloyatining barcha tumanlariga tarqatildi.
- Viloyatdagi “Istiqlol” telekanali bilan hamkorlikda “Aholi orasida sog‘lom turmush tarzi targ‘iboti va COVID-19 profilaktikasi” yo‘nalishida ko‘rsatuvlar turkumi tayyorlanib, efirga uzatilmoqda.
- Amaliyotdagi shifokorlarga yordam berish maqsadida viloyatdagi barcha virusologiya laboratoriyalari faoliyatini mujassamlashtirigan elektron dastur yaratib berildi. Bu dastur orqali tahlil topshirgan bemorlar va ularning tahlil natijalari onlayn tarzda DPM, viloyat markaziy shtabi va viloyat SEOMga yuboriladi.
- Xuddi shunday dastur viloyat call markaziga xam tayyorlab berildi. Bu dastur orqali masofadan turib, markazga bo‘lgan murojaatlar va ularning natijalarini nazorat qilish imkoni yaratildi.
- Buxoro viloyat prokuraturasi, Buxoro davlat tibbiyot instituti hamda "Megadastur.uz" dasturchilar guruhi bilan hamkorlikda viloyat aholisi uchun Covid-19dan davolanishda foydalaniladigan dorilarni yashash hududidan tez va oson topishni ta'minlash maqsadida www.apteka.bsmi.uz sayti yaratildi.
Pandemiya sharoiti bo‘lishiga qaramasdan institut xorijiy hamkor oliy ta'lim muassasalari bilan birgalikda qo‘shma ta'lim dasturlarini tashkil etish bo‘yicha shartnomalar tuzishni davom ettirmoqda. O‘tgan o‘quv yilida institutda 12 ta qo‘shma ta'lim dasturi bo‘yicha talabalar ta'lim olgan bo‘lsa, 2020-2021 o‘quv yilida bakalavriat ta'limi uchun Rossiya Federatsiyasining Kursk davlat tibbiyot universiteti va Qozon federal universiteti bilan hamkorlikda “Farmatsiya” yo‘nalishida, Polsha davlatining Luis universiteti bilan “Tibbiy bioinformatika (IT shifokor)” yo‘nalishida, Xitoy Xalq Respublikasining Fudan universiteti bilan “Xalq tabobati” yo‘nalishida, magistratura ta'limi uchun Polsha davlatining Luis universiteti bilan hamkorlikda “Sog‘liqni saqlashni menedjmenti” mutaxassisligi, “Terapiya”, “Kardiologiya”, “Rentgenendovaskulyar diagnostika va davolash” mutaxassisliklari bo‘yicha qo‘shma klinik ordinatura Rossiyaning Milliy tibbiy profilaktika va terapiya tadqiqot markazi bilan, “Akusherlik va ginekologiya” mutaxassisligi bo‘yicha Rossiyaning V.I. Kulakov nomidagi Milliy akusherlik, ginekologiya va perinatologiya tadqiqot markazi bilan qo‘shma ta'lim dasturlari shartnomalari tuzildi va bugungi kunda abituriyentlardan hujjatlar qabul qilish jarayoni boshlangan. Bunday dasturlarning yo‘lga qo‘yilishi institutning ta'lim trayektoriyasini o‘zgartiradi, jamiyatning turli davlat tuzilmalari va hayotiy faoliyat sohalari bilan strategik akademik hamkorlik va sheriklikni yo‘lga qo‘yish, xalqaro ta'lim hamjamiyatiga muvaffaqiyatli integratsiya qilish, ta'lim xizmatlari jadal rivojlanayotgan bozor sharoitida institutning raqobatbardosh barqarorligini ta'minlaydi.
– Tibbiyotning murakkab sohalaridan biri – gematologiya bo‘yicha mutaxassissiz. Kun.uz sayti muntazam ravishda oqqonga chalingan bolalarga oid xayriyalar e'lon qilib turadi. Institutda bu yo‘nalishda olib borilayotgan tadqiqotlar haqida so‘zlab bersangiz.
– Darhaqiqat, bugungi kunda aholi orasida onkogematologik kasalliklar keng tarqalgan bo‘lib, respublikamizda aholiga gematologik xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash bo‘yicha bir qator tadbirlar amalga oshirilmoqda. Buni O‘zbekiston prezidentining 2020 yil 10 fevraldagi PQ-4592-son qarorida ko‘rish mumkin. Ushbu qaror ijrosi bo‘yicha bizning institutimizda ham yangi o‘quv yilidan gematologiya va transfuziologiya yo‘nalishida davlat granti asosida magistratura yo‘nalishi ochildi va ilmiy tadqiqot ishlari kengaytirildi. Bundan tashkari, 2 nafar fan doktori va 2 nafar tayanch doktorantlar aholi orasida leykozlarning tarqalishi va uning molekulyar genetik tashxisoti yo‘nalishida ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishyapti.
Xayriya aksiyalariga keladigan bo‘lsak, 16 iyun - Xalqaro donorlar kuni munosabati bilan «Eng yaxshi donorlik targ‘ibotchisi» ko‘rik tanlovi va tanlov doirasida donorlik xayriya aksiyasi tashkil etildi. Aksiyada 18 yoshdan katta talabalar va professor-o‘qituvchilar donorlik qilishdi. Yaratilgan qon banki oqqon bilan kasallangan bemorlarga ataldi. Shuningdek, aksiya davomida gemofiliya va leykoz bilan kasallangan bolajonlar ahvolidan xabar olindi. Bugungi kunda oqqon kasalligining tashxisoti va davo jarayonida molekulyar genetik tekshiruvlar muhim ahamiyatga ega. Shuning uchun institutning yangi qurilayotgan klinikasi bazasida Angliyaning "GenoMed" firmasi bilan hamkorlikda molekulyar-genetik laboratoriya ochish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Bu laboratoriya kelajakda Buxoro, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida yashovchi aholiga onkogematologik kasalliklar bilan birga boshqa irsiy kasalliklarni o‘z vaqtida tashxislash va samarali davolashni amalga oshirishda xizmat qiladi.
Abror Zohidov suhbatlashdi.
Mavzuga oid
09:30 / 09.06.2026
Buxorodagi tergov hibsxonasi xodimlariga nisbatan tekshiruv harakatlari boshlandi
14:26 / 15.05.2026
Saida Mirziyoyeva: «Jo‘yzar» kanali betonlanadi - yiliga 12 mln kub metr suv tejaladi
11:51 / 15.05.2026
Saida Mirziyoyeva: Hududlardagi muammolar prezident nazoratida
10:01 / 12.05.2026