01:51 / 27.08.2020
6179

Microsoft Word dasturiga audioyozuvni matnga aylantiruvchi funksiya qo‘shildi

Microsoft kompaniyasi o‘zining Word matnlar muharririga audioyozuvlarni matnga aylantirish funksiyasi Transcribe’ni qo‘shdi. Endilikda foydalanuvchilar dasturda biror nutq yozishlari yoki unga mp3, wav, m4a yoki mp4 formatidagi audio- va videoyozuvlarni yuklashlari mumkin.

Foto: Getty Images

Funksiya nutqni bevosita uning yozilishi vaqtida matnga aylantirishi yoki yuklangan faylning matn holatdagi ko‘rinishini aks ettirishi mumkin. Tayyor matnni esa tahrir qilib, asosiy faylga qo‘shish mumkin. Agar nutq yozilishida ikki kishi ishtirok etgan bo‘lsa, Transcribe buni ko‘rsatadi.

Foydalanuvchi rasshifrovka qilingan matn bo‘yicha harakatlanib, uning muayyan parchasiga audioyozuvda to‘g‘ri keluvchi parchaga o‘tishi, audioni turli tezlikda tinglashi mumkin. 

Ushbu funksiya Microsoft 365 foydalanuvchilari uchun veb-versiyada mavjud va hozircha inglizcha nutqlarni matnga o‘giradi. Boshqa tillar keyinroq qo‘shilishiga va'da berilmoqda.   

Biroq audioyozuvlar bilan ishlashda ba'zi cheklovlar mavjud: fayl 200 MBdan kichik bo‘lishi, rasshifrovka qilinadigan audioyozuv davomiyligi esa oyiga 5 soatdan oshmasligi kerak. Ayni vaqtda qo‘shimcha vaqt va megabayt sotib olish imkoni yo‘q. Kompaniya funksiyaning mobil versiyasini joriy yil oxirigacha taqdim qilishga va'da bergan.

2017 yil iyunidan Microsoft 365’da Word, Outlook, PowerPoint va OneNote dasturlarida matnni aytish funksiyasi Dictate mavjud. 

Mavzuga oid
Top