O‘zbekiston | 08:57 / 03.09.2020
4905
8 daqiqa o‘qiladi

Suv xo‘jaligi vazirligi huzurida ikkita agentlik tashkil etiladi

Suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini samarali tashkil etish maqsad qilingan.

Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Quyidagilar:

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining tashkiliy tuzilmasi;

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi markaziy apparatining tuzilmasi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining tuzilmasi va irrigatsiya tizimlari havza boshqarmalari apparatining namunaviy tuzilmasi;

magistral kanallar (tizimlar) boshqarmalari hamda irrigatsiya tizimi boshqarmalari apparatining namunaviy tuzilmasi;

tumanlar (Quvasoy shahar) suv xo‘jaligi bo‘limlarining namunaviy tuzilmasi hamda boshqaruv xodimlarining cheklangan soni tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi suv xo‘jaligi vaziriga:

zarur hollarda, O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati, shuningdek, hududiy bo‘linmalar, tizimdagi idora va tashkilotlar tuzilmalariga xodimlarning belgilangan soni doirasida o‘zgartirish kiritish;

yirik gidrotexnik inshootlarning eng avvalo loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqishda, uning qurilishida va ekspluatatsiya ishlarini olib borilishida xavfsizlik choralari ko‘rilishi, bunda loyiha pudrat tashkilotlari hamda ekspluatatsiya tashkilotlarining javobgarligini oshirish vazifalarini belgilash;

Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligida kapital qurilish loyihalarini amalga oshirish agentligi hamda Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligida xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish agentliklarining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlariga davlat budjeti hisobidan moliyalashtirilayotgan yirik loyihalar va xalqaro moliya institutlari va donor mamlakatlarning grantlari hamda uzoq muddatli imtiyozli kreditlarini jalb qilish hisobidan moliyalashtirilayotgan loyihalardan erishilgan samaradorligini har yil yakuni bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga kiritib borish;

yuklatilgan vazifalarni bajarish doirasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ilmiy va ta'lim muassasalari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va xorijiy kompaniyalarning yuqori malakali mutaxassislarini maslahatchi sifatida jalb etish huquqi beriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda 2021 yil 1 martga qadar bitta suv iste'molchisi (agroklaster, fermer xo‘jaligi va boshqalar)ning yer maydonida joylashgan va ularga bevosita xizmat ko‘rsatuvchi sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari hamda ulardagi inshootlarni saqlash, maqsadli va samarali foydalanish uchun belgilangan tartibda ushbu suv iste'molchi uyushmasi balansiga suv iste'molchilari uyushmalari hisobidan uyushmaning roziligi asosida beg‘araz o‘tkazilishini ta'minlaydilar.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi hamda va Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirliklarining Namangan viloyati Pop tumanidagi “G‘urumsaroy iqtisodiyot kolleji” negizida “Pop suv xo‘jaligi va melioratsiya” kollejini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi bilan birgalikda suv xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni joriy qilish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalarni respublikada ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish maqsadida xorijiy investitsiyalar ishtirokida qo‘shma korxonalar tashkil qilish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqib, 2020 yilning 1 dekabrigacha Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

Belgilanishicha, 2021 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi markaziy apparati va hududiy bo‘linmalar xodimlarining lavozim maoshlarini Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koeffitsiyenti 1,2 baravarga oshirgan holda (amaldagi koeffitsiyentlarni saqlab qolgan holda) qo‘llaniladi.

Ushbu bandni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligida kapital qurilish loyihalarini amalga oshirish agentligining tuzilmasi tasdiqlanadi.

Quyidagilar Suv xo‘jaligida kapital qurilish loyihalarini amalga oshirish agentligining asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilanadi:

suv xo‘jaligida kapital qurilish tizimini takomillashtirishga qaratilgan ustuvor investitsiya loyihalarini oshkoralik asosida tanlash, ularning yillik, qisqa va uzoq muddatli dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etish;

suv xo‘jaligida kapital qurilish sohasidagi loyihalarning manzilli ro‘yxatlarini belgilangan tartibda tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda tasdiqlash;

suv xo‘jaligi obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash-tiklash ishlari bo‘yicha loyihalarning loyiha-smeta hujjatlarining belgilangan tartibda ishlab chiqilishi, ekspertizadan o‘tkazilishi va bosh pudrat tashkilotlarini tanlov (tender) asosida aniqlashni hamda tegishli shartnomalar rasmiylashtirishni tashkil qilish;

suv omborlari va boshqa toifalangan suv xo‘jaligi obektlarini qurish va rekonstruksiya qilish loyihalarini ishlab chiqish hamda ekspertiza qilish, shuningdek, ularning xavfsizlik mezonlarini ishlab chiqishga xorijiy mutaxassislarni jalb qilish;

kapital qurilish loyihalarini amalga oshirish yuzasidan tizimli monitoring yuritish, shuningdek, buyurtmachi va pudrat tashkilotlari tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga rioya etilishini ta'minlash, loyihalarni amalga oshirish jarayonida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish choralarini ko‘rish;

Suv xo‘jaligi obektlarini qurish, rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha-qidiruv ishlari umumiy qiymatining 10 foizini Suv xo‘jaligi vazirligining Suv xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasiga keyinchalik loyiha-qidiruv ishlarini ilmiy asosda tashkil qilish uchun hamda sohada ilmiy va ilmiy-texnik faoliyatni qo‘llab-quvvatlash uchun maqsadli yo‘naltirish.

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligida xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish agentligining tuzilmasi tasdiqlanadi.

Quyidagilar Suv xo‘jaligida xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish agentligining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilanadi:

suv xo‘jaligi tizimini takomillashtirishga qaratilgan xorijiy investitsiya loyihalarini, shu jumladan, xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining (XMI va XHMT) kredit, grant va texnik ko‘maklashish mablag‘lari ishtirokidagi ustuvor investitsiya loyihalarini oshkoralik asosida tanlash, ularning qisqa va uzoq muddatli dasturlarini ishlab chiqish va shakllantirish;

suv xo‘jaligi sohasidagi xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun XMI va XHMTning kredit, grant va texnik ko‘maklashish mablag‘larini jalb qilish;

XMI va XHMTning kredit, grant va texnik ko‘maklashish mablag‘lari ishtirokidagi xorijiy investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxatlari belgilangan tartibda tasdiqlanishini tashkil qilish;

suv xo‘jaligi sohasidagi xorijiy investitsiya loyihalarini, shu jumladan, XMI va XHMTning kredit, grant va texnik ko‘maklashish mablag‘lari ishtirokidagi xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish;

suv xo‘jaligi sohasidagi xorijiy investitsiya loyihalarini, shu jumladan XMI va XHMT ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha tender savdolari asosida bosh pudrat tashkilotlarini belgilangan tartibda aniqlash hamda tegishli shartnomalarni rasmiylashtirish;

loyihalar va subloyihalarning amalga oshirilishini tizimli monitoring qilish, shuningdek, buyurtmachi va pudratchi tashkilotlar tomonidan shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga rioya etilishini ta'minlash, loyihalarni amalga oshirish jarayonida yuzaga kelgan muammolarni bartaraf etish.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid