O‘zbekiston | 10:36 / 13.09.2020
22336
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda 52 nafar o‘qituvchida koronavirus infeksiyasi aniqlandi

2020-2021 o‘quv yilida Andijon viloyatidagi 764 ta umumta'lim maktablarida qariyb 60 ming nafar bolalar 1-sinflarga qabul qilindi. Shu tariqa viloyat bo‘yicha jami o‘quvchilar soni 575 ming nafarga yetdi.  

Viloyatda yangi o‘quv yiliga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilib, yozda bir qator umumta'lim maktablari ta'mirlangan. Xususan, investitsiya dasturi asosida 33 ta maktab sifatli ta'mirdan chiqarilgan bo‘lsa, 20 ta maktabni mahalliy budjet hisobidan ta'mirlash ishlari olib borildi.

Viloyat hokimligi vakilining kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, viloyatda 7 sentyabrdan ayrim maktablar faoliyati boshlab yuborilgan. Qolgan maktablar 14 sentyabrdan boshlab bosqichma-bosqich ochib boriladi. Xalq deputatlari shahar va tuman kengashlarining qaroriga binoan ochishga tayyor deb topilgan maktablarda yangi o‘quv yilini boshlashga ruxsat beriladi.

Shuni aytish joizki, viloyat hokimligi tomonidan viloyat xalq ta'limi boshqarmasi tasarrufidagi umumta'lim maktablari o‘quvchilarining sog‘lig‘ini saqlash va karantin qoidalariga to‘la rioya qilinishini ta'minlash maqsadida umumta'lim maktablariga 1500 dona pirometr yetkazib berilgan. Shuningdek, umumta'lim maktablari 7.640 litr antiseptik vositalari bilan ta'minlandi.

Ayni paytgacha yangi o‘quv yiliga puxta tayyorgarlik ko‘rish doirasida viloyatdagi umumta'lim maktablarining 25 ming nafar o‘qituvchilaridan koronavirusga testlar olindi. Test natijalariga ko‘ra ularning 52 nafari infeksiya yuqtirib olganligi aniqlandi.

Mavzuga oid