O‘zbekiston | 12:33 / 16.09.2020
22517
2 daqiqa o‘qiladi

Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasiga rais tayinlandi

Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi va rais o‘rinbosarlari tayinlandi. 

Qo‘mita xabariga ko‘ra, O‘zbekiston prezidentining 2020 yil 15 sentyabrdagi  PQ-4825 qaroriga asosan Bahrom Sharipov Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi lavozimini egalladi.

O‘zbekiston prezidentining 2020 yil 15 sentyabrdagi PQ-4825 qaroriga asosan Behzodjon Yusupov Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Prezidentning 2020 yil 15 sentyabrdagi PQ-4825 qaroriga asosan Sherzod Asadov Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Davlat rahbarining sentabr oyi boshida imzolangan “O‘zbekiston Respublikasida pillachilik va qorako‘lchilikni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi tashkil etildi.

Quyidagilar Qo‘mitaning asosiy vazifasi etib belgilandi:

pillachilik va qorako‘lchilik sohasida yagona davlat siyosatini olib borish, shuningdek, ushbu tarmoqlarni yagona ilmiy-texnikaviy siyosatni yuritgan holda, muvofiqlashtirilgan tarzda rivojlantirishni ta'minlash;

tut plantatsiyalari va yaylovlarning qat'iy hisobini yuritish va fondini o‘rganish, shuningdek, pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish uchun ozuqa bazasini yaxshilash;

ipak qurti va qorako‘l zotli qo‘ylarning yuqori darajada mahsuldor nasllarini joriy qilish;
 
pilla va qorako‘l terisidan tayyor mahsulot ishlab chiqarish maqsadida xomashyo tayyorlash va uni qayta ishlash uchun qulay sharoitlar yaratish;

marketing tadqiqotlarini o‘tkazish hamda ipak va qorako‘ldan tayyorlangan mahsulotlarni eng avvalo tashqi bozorlarda sotishga ko‘maklashish;

pillachilik va qorako‘lchilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub'yektlariga o‘z faoliyatini kengaytirish, klasterlar tashkil etish va mahsulotni eksport qilishda har tomonlama yordam berish.

Mavzuga oid