Jamiyat | 09:16 / 18.09.2020
3949
2 daqiqa o‘qiladi

Ohangaronda 1,3 kilogramm giyohvandlik vositasi ushlandi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

2020 yilning 28 avgust kunidan 29 avgust kuniga o‘tar kechasi Toshkent viloyati Ohangaron shahar hududida “Qoradori-2020” tadbiri olib borilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar qildi.

Tadbir davomida IIO va Milliy gvardiya xodimlari tomonidan “Vaz 21013” rusumli avtomashina shubhali ko‘ringanligi sababli to‘xtatilib, avtomashinaning yukxonasi haydovchi 20 yoshli J.A. ishtirokida tekshirib ko‘rilganda, 1 dona oq rangli polimer qop ichida ho‘l xoldagi, o‘tkir hidli ko‘kimtir rangli o‘simlik barglari borligi aniqlangan.

Aniqlangan o‘simliklar kimga tegishli ekanligi surishtirilganda, ushbu qop avtomashina ichida bo‘lgan voyaga yetmagan 17 yoshli K.M.ga tegishli ekanligi aniqlangan hamda ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Sudga oid kimyoviy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, olingan o‘simliklar tarkibida faol tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasi mavjud bo‘lgan “marixuana” giyohvandlik vositasi ekanligi, uning og‘irligi esa 1 kg 387 grammni tashkil qilganligi ko‘rsatilgan.

Mazkur holat yuzasidan Ohangaron shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi 2-qismi “a” bandi (giyohvandlik vositalarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid