Liviyadagi ziddiyat: neft uchun kurash va ikki frontdagi iste'folar
Liviyadagi fuqarolik urushida ikki tomonda ham harakatsizlik kuzatilishi ikki rejimda ham siyosiy barqarorlik yo‘q ekanini ko‘rsatib qo‘ydi, liviyaliklar bu hukumatlarni koronavirusga qarshi muvaffaqiyatsiz kurash olib borishda, korrupsiyada, narxlar o‘sishida va elektr ta'minotidagi uzilishlarda ayblab chiqishdi.

Foto: Reuters
Tripolidagi BMT tomonidan tan olingan Foiz Sarroj boshchiligidagi Liviya milliy kelishuv hukumatiga qarshi ham, sharqdagi general Xalifa Haftar armiyasiga tayanadigan hukumatga ham qarshi ko‘cha namoyishlari boshlanib ketdi.
Mitinglar, to‘qnashuvlar va ichki kurashlar bir hafta ichida ikki lagerda ham hukumatlar iste'fosiga olib keldi: chorshanba kuni Sarroj oktabr oyi oxirigacha iste'foga chiqishini e'lon qildi, biroz avvalroq Haftarning ittifoqchisi, sharqdagi muqobil hukumat rahbari Abdulla Soniy ham iste'fo bergandi.
Liviya – Afrikaning neft zaxiralariga eng boy davlati hisoblanadi, bu mamlakatdagi ziddiyat allaqachon xorijdagi superqudratli davlatlarning gibrid urushiga aylanib ketgan. Sarroj boshchiligidagi Liviya milliy kelishuv hukumatini Turkiya va Qatar diplomatiya va harbiy yo‘llar orqali qo‘llab keladi, Haftarga esa BAA, Misr, rossiyaliklarning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi, Saudiya Arabistoni, Iordaniya va Fransiya kabi davlatlar oshkora yoki maxfiy ravishda yordam berib keladi.
Liviyadagi qarama-qarshilik, xuddi Gretsiya va Turkiya o‘rtasida O‘rta yer dengizida yuzaga kelgan qarama-qarshilik singari avvalgi mojarolardan Vashingtonning ushbu mintaqaga bo‘lgan qiziqishlari kamayishi ortidan mahalliy kuchli davlatlarning asosiy o‘yinchilarga aylangani bilan farqlanadi.
Mamlakatda fuqarolik urushi 2011 yildan buyon davom etib kelmoqda, o‘shanda NATO amaliyoti natijasida 42 yil mobaynida hukmronlik qilgan Muammar Qazzofiy hokimiyatdan ag‘darilib, o‘ldirilgandi.
Ikki front chizig‘ida ham iste'fo

Chorshanba kuni Sarroj telemurojaat orqali oktabr oyi oxirigacha bosh vazirlik lavozimini tark etishi haqida ma'lum qildi. O‘z nutqida u Jyenevada BMT homiyligida o‘tkazilayotgan tinchlik muzokaralarini tilga olib o‘tgan. Bu muzokaralar yakuniga ko‘ra mamlakatni birlashtirish va yangi saylovlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishilishi ko‘zda tutilgan.
Asli arxitektor bo‘lgan Sarroj hukumatni 2015 yildan buyon boshqarib keladi, u hukumatni dastlab xorijdan turib boshqargan, mamlakatga faqat 2016 yilda kirishga muvaffaq bo‘lgan.
Uning iste'fosi haqidagi xabarlar ortidan Tripolida ichki kurash boshlanib ketgan - iyun oyida armiya Turkiya harbiylari va qurollari yordamida Haftar armiyasini chekintirgach hokimiyatni egallash masalasi birinchi o‘ringa chiqdi.
Haftar kuchlari bir yildan oshiq davom etgan qamalni to‘xtatishga majbur bo‘lgach, Liviyada tinchlik sulhi tuzildi, avgust oyi oxirida Sarroj va sharqdagi parlament rahbari Agila Solih o‘t ochish to‘xtatilgani haqida e'lon qilishdi. Ammo Haftar hamon bu borada sukut saqlamoqda.
Harbiy harakatlardagi tanaffus liviyaliklarga hukumat faoliyatidan noroziliklarini ochiqdan ochiq bildirish imkonini yaratdi - odamlar ko‘p yillardan buyon ilk marta ko‘chalarga chiqishdi - ammo bosh vazir Sarrojga sadoqatli bo‘lgan qurolli guruhlar namoyishchilarni tarqatib yuborishdi.
Human Righs Watch inson huquqlari tashkiloti bunday guruhlar namoyishchilarni qo‘lga olgani va qiynoqqa solayotgani, odamlarga qarata mashinalarga o‘rnatilgan havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlaridan o‘t ochayotgani haqida xabar bergan. Matbuotdagi ma'lumotlarga ko‘ra, namoyishchilardan biri halok bo‘lgan.
Sarroj hukumatida IIV rahbari bo‘lgan Fathi Bashaga namoyishchilarni qo‘llab chiqqan. U politsiyachilar namoyishchilarni himoya qilishini ma'lum qilgan. Bundan g‘azablangan Sarroj esa Bashagani iste'foga chiqargan.

Ammo Bashaga Turkiyadan yordam so‘radi va vazifasiga tiklandi, bu esa Tripolidagi hukumat Anqaraning vassaliga aylanganini ko‘rsatadi.
Financial Times xabariga ko‘ra, Bashagining haydalishini uning dushmanlari va muxoliflari ko‘chalarda havoga o‘q uzib nishonlashgandi
Bu voqealardan biroz avvalroq mamlakat sharqidagi Tobrukni qarorgoh qilgan Abdulla Soniy boshchiligidagi muqobil hukumat ham iste'foga chiqqandi.
Bu iste'foga ham Tobrukda va Haftar kuchlari nazoratidagi yana bir yirik shahar Beng‘ozida keng ko‘lamli namoyishlar boshlanishi sabab bo‘lgandi.
Ijtimoiy holatdan norozilik bildirgan namoyishchilar Haftaning Beng‘ozidagi shtab-kvartirasiga o‘t qo‘yishgan, uning al-Majdagi qarorgohida to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan.

Neft bo‘yicha bahslar
Tripoli ostonasidagi mag‘lubiyatga qaramay, aynan Haftar rahbarligidagi Liviya milliy armiyasi mamlakatdagi asosiy neft konlarini nazorat qilishda davom etmoqda va Liviya milliy hukumatini asosiy daromad manbayidan mahrum etmoqda.
Juma kuni Haftar «fuqarolar farovonligi uchun» o‘z armiyasi nazoratidagi havzalarda yangi neft obektlari ochilishini e'lon qildi va bu konlardan keladigan foydani adolatli taqsimlashni talab qildi.
U shuningdek xorijdagi kuchlarning mamlakat hayotiga aralashuvini tanqid qildi.
«Mamlakatimizda mustamlakachilar va terrorchilarga o‘rin yo‘q. Biz hayot ekanmiz, Liviya birligi uchun kurashishda davom etamiz», dedi general Turkiyaning Tripolidagi hukumatga ta'siri va mamlakatga turklar tomonidan olib kelib joylashtirilgan suriyalik jangarilarga ishora qilgan holda.
Generalning bu bayonotidan bir kun avval Liviya milliy neft korporatsiyasi Liviya milliy armiyasini neft inshootlari blokadasiga yo‘l qo‘yilmasligi haqida ogohlantirib, Haftarni yer osti boyliklaridan maxfiy muzokaralarda muhim vosita sifatida foydalanishda ayblab chiqqandi.

Korporatsiya rahbariyati Haftar neft terminallariga «Vagner»ning rossiyalik yollanma jangchilarini joylashtirgan, deb hisoblamoqda.
«Biz Vagner yollanmalariga mamlakat neft sanoatida muhim rol bajarishga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak», degan korporatsiya rahbari Mustafo Sanalla.
Kompaniya press-relizida qanday muzokaralar haqida gap ketayotganiga oydinlik kiritilmagan, ammo Bloomberg agentligi manbasi Haftarning o‘g‘illaridan biri o‘tgan haftada Sochida Sarrojning o‘rinbosari Ahmad Maytik bilan uchrashgani haqida xabar bergan.
Juma kuni Financial Times nashri blokadaning bekor qilinishi Maytig va Haftar uchrashuvi samarasi ekani haqida yozib chiqdi.
Liviya milliy kelishuv hukumati bosh vaziri o‘rinbosari kelishuv matnini e'lon qilgan, unda neft qazib olinishi va undan tushadigan daromad ikki tomon o‘rtasida teng taqsimlanishini nazorat qiluvchi maxsus komissiya tuzilishi ko‘zda tutilgan.
Bloomberg neft konlari to‘sib qo‘yilganidan Liviya budjeti 9 mlrd dollar zarar ko‘rgani haqida ma'lumot bergan.
Marokashdan Moskvagacha muzokaralar
Jyenevadagi tinchlik muzokaralaridan tashqari, ikki tomonni yarashtirish uchun Marokash, Misr va Rossiya davlatlari o‘z hududida muzokaralar maydoni taklif etgan.
Shu haftada Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li Rossiya va Turkiya Liviyada o‘t ochish to‘xtatilishi va siyosiy jarayonlar boshlanishi bo‘yicha kelishuvga erishishga yaqin ekani haqida xabar bergandi.
«Hozir istiqbolli vaziyat paydo bo‘ldi. Biz bu tinchlik jarayonini faol ravishda qo‘llashga va unga o‘z hissamizni qo‘shishga harakat qilmoqdamiz», degandi juma kuni Rossiya TIV rahbari Sergey Lavrov.

Moskva bu ziddiyatda betaraf ekanini aytib keladi va unda vositachi vazifasini bajarishga harakat qiladi, ammo BMT ekspertlari RF qurolli kuchlari embargoni buzgan holda Liviyaga «Vagner»ning rossiyalik yollanma askarlarini qo‘llab-quvvatlash uchun qurol-yarog‘ yetkazib berishi haqida hisobot tayyorlashgan.
BMTning boshqa bir hisobotiga ko‘ra, Haftar tomonida 1,2 mingdan oshiq rossiyalik yollanma harbiylar jang qilishi ma'lum bo‘lgan. BBC rus xizmati ushbu xususiy harbiy kompaniya harbiylari Liviyaga 2018 yilda borishgani haqida ma'lumot bergan.
Prezident Vladimir Putin Liviyada rossiyaliklar borligi haqidagi savolga javoban, bu yollanma jangchilar Rossiya manfaatlariga xizmat qilmasligini aytgan.
Rossiya - Liviya masalasidagi harakatlari va bayonotlari bir-biriga mos kelmaydigan yagona xorijiy davlat emas. Ushbu ziddiyatga aloqador bo‘lgan boshqa davlatlar ham Liviyada tinchlikka erishilishini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishadi va ziddiyatni hal qilish uchun vositachilik bo‘lishga harakat qilishadi, ammo BMT Turkiya, BAA, Qatar va boshqa mintaqaviy o‘yinchilar ham qurol yetkazib berishga qo‘yilgan embargoni buzishganini qayd etgan.
Bundan tashqari, ekspertlarning qayd etishicha, na Tripolidagi hukumat va Haftar bu urushda o‘z koalitsiyasidagi barcha kuchlar ustidan to‘liq nazorat o‘rnata olgan. Ikki frontda ham qurollarni tashlashga rozi bo‘lmagan ko‘plab guruhlar mavjud.
Ayni vaqtda 76 yoshda bo‘lgan Haftar Qazzofiyning yaqin kishilaridan biri bo‘lgan, ammo u bilan bahslashib mamlakatni tark etgan va 20 yil mobaynida AQShda istiqomat qilgan, Qazzofiy ag‘darilgach mamlakatga qaytgan va vatanida mustaqil siyosiy kuchga aylanishga qaror qilgan.
1970-yillarda u sovetlarning Frunze nomidagi harbiy akademiyasida tahsil olgan, 1990-yillarda esa Amerika fuqaroligini olgan. U 20 yil mobaynida Virjiniya shtatida, Markaziy razvedka boshqarmasi ofisi ham joylashgan Lengli shahrida yashagan.
Buyog‘iga nima bo‘ladi?
Ekspertlarning prognozlariga ko‘ra, Sarrojning iste'fosi Liviya milliy kelishuv hukumatini kuchsizlantirishi va Tripolida qurolli kuchlarning ta'siri kuchayishiga olib kelishi mumkin.
«Bu amalda manyovrlarning yangi bosqichiga start berilishidir. Oxir-oqibat bu Liviya g‘arbidagi kuchlar, xususan, Liviya milliy kelishuv hukumatining maqomi pasayishiga olib keladi», degan Reuters agentligiga bergan intervyusida «Xalqaro munosabatlar bo‘yicha Yevropa kengashi» tadqiqot markazi ilmiy maslahatchisi Tarik Magrisi.
Buning alomatlaridan biri sifatida Rossiyada Liviya milliy kelishuv hukumati bosh vaziri o‘rinbosari va Haftarning vakili o‘rtasida tuzilgan neft bo‘yicha kelishuv shartlarini ko‘rish mumkin.
Germaniyadagi Xalqaro munosabatlar va xavfsizlik instituti eksperti Volfram Laxer Financial Times nashriga bergan intervyusida bu kelishuvni Haftarning talablari qarshisida to‘liq taslim bo‘lish deb atagan.
Niderlandiyadagi xalqaro munosabatlar instituti xodimi Klingendal Jalil Arshaui ham hokimiyat almashinuvi Tripolidagi hukumat ta'siridagi guruhlarning o‘zaro ichki to‘qnashuvlariga sabab bo‘lishi mumkin deb hisoblaydi.
«Turli qurolli guruhlar bilan bog‘liq muammolar jiddiylashadi», deydi Arashui Reuters’ga bergan intervyusida.
Tavsiya etamiz
“O‘rgimchak to‘ri”: Ukraina qo‘lidagi kartalardan birini ochdi
Jahon | 21:12 / 04.06.2025
Dunyoda faqat bir mamlakat o‘zini oziq-ovqat bilan to‘liq ta’minlashi ma’lum bo‘ldi
Jahon | 18:47 / 04.06.2025
Islandiya sobiq prezidenti milliy bog‘ga gid bo‘lib ishga joylashdi
Jahon | 21:25 / 03.06.2025
Urushlar endi o‘zgacha: «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasi haqida
Jahon | 22:27 / 02.06.2025
So‘nggi yangiliklar
-
«Humans bizning mobil tarmoqdan foydalanib daromad topsa-da, xarajatlarini to‘lamayapti» - «O‘zbektelekom»
Iqtisodiyot | 12:21
-
Sifat hujjati bo‘lmagan dorilarni sotayotgan shaxslar ushlandi
Jamiyat | 12:10
-
Xorazmda yosh yigit boshqaruvidagi Tracker kanalga quladi
Jamiyat | 12:00
-
KXDR Rossiyani Ukrainaga qarshi urushda qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi
Jahon | 11:35
Mavzuga oid

13:56 / 17.05.2025
AQSh 1 million g‘azolikni Liviyaga ko‘chirish rejasini ishlab chiqmoqda - OAV

09:57 / 13.05.2025
Tripolida qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi

21:22 / 07.05.2025
AQSh migrantlarni Liviyaga deportatsiya qilishga tayyorlanmoqda

09:05 / 31.01.2025