Jamiyat | 15:47 / 23.09.2020
24592
5 daqiqa o‘qiladi

Davlat tashkilotlari chernobilchining qonuniy talabini nazarga ilmayapti

Chernobilchi N. Miyonmalikov keksaygan chog‘ida turar-joy sharoitini yaxshilashga ehtiyoj sezib, chernobilchilarga qonunchilikda berilgan imtiyozdan foydalanish maqsadida, ya'ni davlat uy-joy fondidan uy olish uchun Toshkent shahar hokimligiga murojaat yo‘llagan. Biroq murojaatiga davlat tashkilotlari tomonidan bir necha oy o‘tib, yuzaki va qoniqarsiz javoblar Tahririyatga murojaat qilgan Toshkent shahri, Olmazor tumanida yashovchi II guruh nogironi Nosir Miyonmalikov 1986 yil 6 avgustdan 5 sentyabrgacha Chernobil AES halokati oqibatlarini bartaraf etish ishlarida qatnashgan.

Halokat oqibatlarini bartaraf etish ishlarida qatnashish jarayonida nurlanish olgan N.Miyonmalikov oxir-oqibat II guruh nogironi bo‘lib qoladi. Tibbiy-mehnat ekspert komissiyasi tomonidan berilgan nogironlik to‘g‘risidagi ma'lumotnomada ham N.Miyonmalikovning nogironligi sababi sifatida Chernobil AESdagi avariya tufayli kelib chiqqan kasallik ko‘rsatilgan.

2006 yil 18 aprelda unga A seriyali 08257-sonli ChAES halokati oqibatlarini bartaraf etish qatnashchisi guvohnomasi berilgan hamda ushbu guvohnomada “guvohnoma egasi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida ko‘zda tutilgan Chernobil fojiasi oqibati natijasida zarar ko‘rgan shaxslar imtiyozlaridan foydalanish huquqiga ega” deb yozib qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati va Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 6 apreldagi 170-sonli qarori bilan Chernobil halokatidan ziyon ko‘rgan O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi fuqarolarga beriladigan haq-huquqlar, pul kompensatsiyalari va imtiyozlar ro‘yxati tasdiqlangan. Ushbu ro‘yxatning I bo‘limi 1-bandida Chernobil AESdagi halokat natijasida zararlangan zonada halokat oqibatlarini tugatish ishlarida ishtirok etgan shaxslar toifasi tilga olingan. Ushbu ro‘yxatning II bo‘limida esa ro‘yxatning I bo‘limi 1-bandida tilga olingan shaxslarga beriladigan imtiyozlar turlari keltirilgan bo‘lib, II bo‘limning 5-bandiga ko‘ra, ushbu shaxslar imtiyozlilar orasida turar-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj deb topilgan taqdirda ustun darajada turar-joy maydoni yoki alohida xona ko‘rinishidagi qo‘shimcha turar-joy maydoni bilan ta'minlanish huquqiga ega ekanligi belgilangan.

2019 yil 27 sentabr kuni Toshkent shahar 1-son asab kasalliklari dispanseri tomonidan berilgan ma'lumotnomada N. Miyonmalikovning ushbu dispanserda “D” toifada ro‘yxatda turishi, sog‘liqni saqlash vazirining 2001 yil 19 iyuldagi 322-sonli buyrug‘iga asosan ruhiy holatiga ko‘ra qo‘shimcha turar-joy maydonidan foydalanish huquqiga egaligi bildirilgan.

N. Miyonmalikov yuqoridagi qarorda keltirilgan huquqidan foydalanish, ya'ni turar-joy sharoitini yaxshilash maqsadida “O‘zbekiston chernobilchilari” assotsiatsiyasi ko‘magiga tayanadi. Assotsiatsiya 2020 yil 14 fevral kuni N. Miyonmalikov manfaatini ko‘zlab Toshkent shahar hokimi nomiga iltimosnoma yo‘llaydi. Ushbu iltimosnomada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi Rayosati va Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 6 apreldagi 170-sonli qaroriga asosan N. Miyonmalikovga munitsipal fonddan uy ajratishda yordam berish so‘ralgan.

2020 yil 4 mart kuni Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo‘jayev rezolyutsiya bilan Olmazor tumani hokimligi va shahar hokimligi huzuridagi Munitsipal aktivlarni boshqarish markaziga ushbu murojaatda ko‘rsatilgan masala komissiya asosida ko‘rib chiqilib, xulosa va taklif kiritish, natijasi bo‘yicha shahar hokimligiga va arizachiga ma'lumot berish vazifasini yuklaydi.

Ammo, eng qizig‘i, rezolyutsiyada ham arizachining 170-sonli qaror asosida uy-joy ajratib berishni so‘raganligi ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, murojaatni ko‘rib chiqish yuklatilgan har ikki tashkilot ham N. Miyonmalikovga mazmunan bir-birini takrorlaydigan javob xatlari yo‘llagan. Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi direktori M. Abduraxmanov va Olmazor tuman hokimi o‘rinbosari v.b. A. Vaxobovlar tomonidan imzolangan javob xatlarida 170-sonli qaror umuman tilga olinmagan hamda masalaga aloqasi yo‘q boshqa bir qator qarorlardan iqtiboslar keltirilib, murojaatni qanoatlantirishning imkoni yo‘qligi ma'lum qilingan.

N. Miyonmalikov yaqinda kichik o‘g‘lini ham uylantirganini aytib, hozirgi kunda o‘zi, turmush o‘rtog‘i, o‘g‘li va kelini bilan otameros hovlidan o‘ziga tegishli bo‘lgan ikki xonada yashashga qiynalayotganini ma'lum qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, ushbu hovlida o‘zidan tashqari aka-ukalarining oilalari ham istiqomat qiladi va jami 23 kishi ro‘yxatda turadi.

Yosh chog‘imda Chernobilda xizmat qilib, nurlanish olib sog‘lig‘im yomonlasha bordi. Keyinchalik ham bir qator yuqori harbiy lavozimlarda uzoq yillar xizmat qildim. Lavozimimdan foydalanib, o‘zim uchun uy orttirish payida bo‘lmaganman. Yoshim o‘tgani sayin sog‘lig‘im yanada yomonlashgani uchun ishimdan ketishga majbur bo‘ldim. Kasalligimdan uyqumda halovat yo‘q. Mana shunday pallada davlatning ijtimoiy ko‘magiga muhtoj bo‘lib qoldim. Ammo davlat tashkilotlari murojaatimga yuzaki javob berishdi. Yoshim o‘tib, sog‘lig‘im yomonlashganida bunday e'tiborsizlikka uchrayman, deb o‘ylamagandim” – deydi N. Miyonmalikov.

Rasmiy idoralardan ushbu vaziyat bo‘yicha munosabat kutib qolamiz.

Abbos Salaydinov

Mavzuga oid