O‘zbekiston | 19:05 / 25.09.2020
51407
3 daqiqa o‘qiladi

Shuhrat G‘aniyev Bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga ma'qullandi

Deputatlar Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Shuhrat G‘aniyev nomzodini ma'qulladi.

«2020 yil 25 sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar Bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Shuhrat G‘aniyev nomzodini ko‘rib chiqdilar.

Xalq vakillari tomonidan Shuhrat G‘aniyev nomzodi ma'qullandi», deyiladi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabarida.

Nomzod deputatlar tomonidan ma'qullangach, prezidentning lavozimga tayinlash to‘g‘risidagi qarori bilan rasman hukumat a'zosiga aylanishi mumkin.

2020 yilning 26 fevralida prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori imzolangan va unga ko‘ra, bosh vazirning ikki o‘rinbosari lavozimi joriy etilgan, ko‘p o‘tmasdan O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari – Moliya vaziri (bu lavozim tugatilgan) Jamshid Qo‘chqorov Bosh vazirning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari - Iqtisodiyot va sanoat vaziri lavozimiga o‘tkazilgan (hozirda bu vazirlik Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi sifatida qayta tashkil etilgan), Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Bosh vazirning investitsiyalar va tashqi iqtisodiy munosabatlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgandi. 2020 yil fevralidan buyon bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan O‘ktam Barnoyev shu yilning iyulida koronavirusga chalinib, sentabr oyida koronavirus oqibatlaridan vafot etgach, bu lavozim bo‘sh qolayotgandi.

Bundan avvalroq 2012 yildan buyon Farg‘ona viloyati hokimi lavozimida ishlab kelgan Shuhrat G‘aniyev boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan uning o‘rnini Namangan viloyatining sobiq hokimi Xayrulla Bozorov egallagani xabar qilingandi.

Mavzuga oid