O‘zbekiston | 08:09 / 28.09.2020
3200
3 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliq tumanidagi bo‘sh turgan obektlar E-Ijro auksion orqali sotiladi

Vazirlar Mahkamasi 17.09.2020 yildagi “Bo‘stonliq tumanidagi bo‘sh turgan, foydalanilmayotgan hamda samarasiz foydalanilayotgan obektlar va yer uchastkalaridan samarali foydalanish, ular negizida turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 560-son qarorni imzoladi.
 
Hujjat Prezidentning 28.08.2020 yildagi “Bo‘stonliq tumanida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish orqali turizmni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-6053-son Farmonini amalga oshirish maqsadida ishlab chiqilgan.
 
Norma’ning yozishicha, qaror bilan:

  • zamonaviy turizm infratuzilmasi obektlarini barpo etish sharti bilan «E-Ijro auksion» elektron savdo maydonchasi orqali sotiladigan davlat mulki obektlari ro‘yxati (1);
  • zamonaviy turizm infratuzilmasi obektlarini barpo etish va investitsiya kiritish sharti bilan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik), moliyaviy tashkilotlar va investorlar o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama hamkorlik shartnomasi asosida investorlarga “nol” xarid qiymatida sotiladigan davlat mulki obektlari ro‘yxati (2);
  • vazirliklar va idoralar hamda davlat ulushi mavjud bo‘lgan xo‘jalik jamiyatlariga qarashli bo‘sh turgan va xususiy sektorga «E-Ijro auksion» elektron savdo maydonchasi orqali sotiladigan davlat mulki obektlari ro‘yxati (3);
  • Bo‘stonliq tumani hududida muhandislik-kommunikatsiya va ekologiyani muhofaza qilish infratuzilmasini rivojlantirishga doir chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Belgilanishicha, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun sotib olingan obektlar va yer uchastkalariga bo‘lgan egalik huquqlari investorlarga, istisno tariqasida, Toshkent viloyati hokimining alohida qarori qabul qilinmasdan rasmiylashtirib beriladi.
 
1-3-ro‘yxatlarga kiritilgan obektlarni balansda saqlovchi tashkilotlar rahbarlari bino va inshootlar sotilgunga qadar ularning o‘zgaga berilmasligi va butligini ta'minlash uchun shaxsan mas'ul hisoblanadi.  Mazkur obektlarni sotishdan tushadigan mablag‘lar (baholash va xususiylashtirish tadbirlarini amalga oshirish xarajatlaridan tashqari) Tog‘li va olis hududlarda turizm infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.
 
Agentlikka bir oy muddatda:

  • “Chorvoq” erkin turistik zonasi Direksiyasi va Bo‘stonliq tumani hokimligi bilan birgalikda 1-3-ro‘yxatlar bo‘yicha obektlarni savdoga chiqarish;
  • Kasaba uyushmalari federatsiyasi, Xalq ta'limi vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlarini samarali boshqarish bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi.

10 kun muddatda Bo‘stonliq tumanida dam olish uchun yengil konstruksiyali ko‘chma qurilmalar joylashtiriladigan yer uchastkalari “Chorvoq” erkin turistik zonasi direksiyasiga olinadi, 20 kun muddatda esa ular «E-Ijro auksion» elektron savdo maydonchasining savdolariga qo‘yiladi.
 
Hujjat 18.09.2020 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid