O‘zbekiston | 07:37 / 01.10.2020
5018
2 daqiqa o‘qiladi

Kubada Kuvayt amiri vafoti munosabati bilan motam e'lon qilindi  

Kuba rahbariyati Kuvayt amiri Saboh al-Ahmad al-Sabohning vafoti munosabati bilan motam e'lon qilishga qaror qildi. Bu haqda Kuba prezidenti Migel Dias-Kanelning farmonida aytilgan.

“Xalqimiz Kuvayt amiri, Oliy hazratlari Shayx Saboh al-Ahmad al-Jobir al-Sabohning vafoti haqidagi xabarni chuqur afsus bilan qabul qildi. U davlatimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lgan va Kuba bilan aloqalarni rivojlantirish hamda munosabatlarni mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shgan. Kuvayt yetakchisi vafoti munosabati bilan 1 oktabr soat 6dan 12gacha rasmiy motam e'lon qilinsin”, deb aytilgan farmonda.  

91 yoshli amirning vafot etgani haqida 29 sentyabrda ma'lum bo‘ldi. Amir AQShda olamdan o‘tgan – u bu yerga iyul oyida tibbiy ko‘rik uchun kelgan. Keyinroq u muvaffaqiyatli operatsiya qilingan va reabilitatsiya jarayonidan o‘tgan. Kuvaytda amir vafoti munosabati bilan 40 kunlik motam e'lon qilindi. 

Shayx Saboh amirlikni 2006 yildan beri boshqarib kelgan va dunyodagi eng keksa davlat arboblaridan biri hisoblangan.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid