O‘zbekiston | 16:43 / 13.10.2020
68933
4 daqiqa o‘qiladi

Olmaliq shahri hokimi ishdan olindi

Toshkent viloyatining Olmaliq shahri hokimi Usmon Rahimov o‘g‘li bilan bog‘liq mojaroli xabarlar ortidan ishdan ketdi.

Xalq deputatlari Olmaliq shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida tashkiliy masala ko‘rildi.

Viloyat hokimligi xabariga ko‘ra, kun tartibidagi masala bo‘yicha Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov ma'ruza qilgan. Viloyat hokimi o‘z so‘zida Olmaliq shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarga to‘xtalgan, shuningdek, rahbar odam o‘z shaxsiy hayotiga ham e'tiborli bo‘lishi, oilasiga vaqt ajratishi, farzandlar tarbiyasi bilan jiddiy shug‘ullanishi lozimligi xususida so‘z yuritgan.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati

«Bugungi kunda muhtaram Yurtboshimizning tashabbusi bilan mamlakatimizda ochiqlik siyosati joriy etilgan. Hammamiz jamoatchilikning qat'iy nazoratidamiz. Shuningdek, ishlayman degan odamga barcha sharoit yaratib berilgan. Mashina, yaxshigina oylik maosh beriladi.

Xabaringiz bor, yaqinda Olmaliq shahri hokimi bilan bog‘liq holat internetda tarqaldi. Zamon tezkor. Har qanday voqelik tez tarqalyapti. Agar u yomon, noxush bo‘lsa, eshitib ich-ichingdan ezilasan kishi...

Yaxshi bilasizlarki, yurtimizda kambag‘allikka qarshi kurash boshlandi. Yurtboshimiz BMT bosh minbaridan turib, kambag‘allikka qarshi kurash tashabbusini ilgari surdilar. Shunday paytda bu voqea bo‘lib tursa, rahbarning oilasida shunday muhit bo‘lsa, mutlaqo tushunarsiz holatdir.

Shahar hokimi qanday inson bo‘lishi kerak? Rahbarga ko‘p narsa bog‘liqligini hayot haqiqati tasdiqlaydi. Hokim shu hududning otasi. 

Men Usmon Rahimovning hokimlik faoliyati mutlaqo qoniqarsiz, u ishlamadi, demoqchi emasman. Bu o‘rinda gap rahbarning har jihatdan el-yurtga o‘rnak bo‘la olishi haqida ketyapti. Binobarin, muhtaram yurtboshimiz, donishmand xalqimiz rahbarning, uning oilasining kamtarlik fazilatiga qarab baho beradi», degan viloyat hokimi.

Usmon Rahimov

Rustam Xolmatov Olmaliq shahar hokimi lavozimiga Qobil Hamdamov nomzodini tavsiya etdi. Yig‘ilish ishtirokchilari ushbu nomzodni qo‘llab-quvvatlashgan.

Qobil Hamdamov

Qobil Hamdamov mazkur lavozimga tayinlangunga qadar Toshkent viloyati hokimining shaharlar infratuzilmasini rivojlantirish, obodonlashtirish va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan.

Usmon Rahimov 2019 yil avgust oyidan buyon Olmaliq shahri hokimi lavozimida ishlab kelayotgandi. 

Yaqinda shahar hokimining o‘g‘li mashinani katta tezlikda haydab, videosini TikTok servisiga yuklagani, shuningdek bir guruh o‘rtoqlari bilan katta yoshli inson va uning o‘g‘lini do‘pposlab, bezorilik qilganiga oid voqealar ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilingan edi.

Mavzuga oid