Iqtisodiyot | 20:44 / 14.10.2020
4862
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston qish mavsumi oldidan propan eksportiga taqiqni uzaytirdi

Qozog‘iston energetika vazirining 7 oktyabrdagi buyrug‘i bilan mamlakat suyultirilgan gaz eksport qilish taqiqini 3 yilga uzaytirdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bergan.

Ushbu buyruq Qozog‘istonda tayyorlangan suyultirilgan gaz mamlakatdan tashqariga noqonuniy olib chiqib ketilishi va ichki bozorda mahsulot taqchilligi yuzaga kelishining oldini olishga qaratilgan.

Qozog‘istonda suyultirilgan gaz eksportiga taqiq 2017 yilda joriy qilingan va muddati tugayotgan o‘sha taqiq qaytadan uzaytirildi.

2017 yilda Qozog‘iston eksport va ichki bozor narxlari o‘rtasidagi sezilarli farq sharoitida MDH bozori ehtiyojlari uchun gaz taqsimlashning mavjud mexanizmini shakllantirish, shuningdek, MDH bozoriga gaz tarqatishda suiiste'mol qilish holatlariga duch kelgandi.

Bundan tashqari, ba'zi gazni qayta ishlash va sotish bilan shug‘ullanadigan korxonalar ichki bozor ehtiyojlarini qondirish uchun mo‘ljallangan arzon gazni noqonuniy tarzda MDH davlatlariga eksport qilgan.

O‘shanda energetika vazirligi gaz tarmog‘idagi tashkilotlar gazni noqonuniy ravishda gaz tashuvchi mashinalar orqali olib chiqib ketganini ma'lum qilgandi. Vazirlik Qozog‘iston qo‘shni davlatlar bilan juda katta chegaralarga egaligi va ularni to‘liq nazorat qilishning imkoni yo‘qligini ta'kidlaydi. Shu tufayli aylanma yo‘llar bilan gaz tashiydigan maxsus avtomobillarda suyultirilgan gazni mamlakatdan olib chiqib ketish oson bo‘lgan.

Qozog‘iston energetika vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, 2017 yilda suyultirilgan gazni eksport qilishga taqiq qo‘yilgach, MDH ichki bozoriga gaz yetkazib berish bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashgan. Shuningdek, Qozog‘iston chegara va bojxona xizmatlaridan avtomobil yo‘llari orqali gazni mamlakatdan olib chiqib ketish bilan bog‘liq xatti-harakatlar sodir bo‘lgani haqida ma'lumotlar olinmagan.

Ma'lumot uchun, Qozog‘istonda propanning bir litri o‘rtacha 160-175 tengedan sotilmoqda (3800-4200 so‘m o‘rtasida). Qozog‘istonda propan eksporti taqiqining uzaytirilishi Tojikistonda ham o‘z ta'sirini ko‘rsatdi. Sentabr oxirigacha 1 litri 4,3 somonidan (4300 so‘m) sotilgan propan taqiq uzaytirilishi ma'lum bo‘lgach, 4,7 somonigacha (4700 so‘m) qimmatladi. Taqqoslash uchun, bugungi kunda O‘zbekistonda propanning 1 litri 4200-4500 so‘mgacha sotilmoqda. Odatda qish mavsumi oldidan bu yoqilg‘iga bo‘lgan talab ortadi va narxi ko‘tariladi.

Mavzuga oid