Sirdaryoda fermer xo‘jaligi yerini sotishga uringan shaxs qo‘lga olindi
DXX va Bosh prokuratura departamenti xodimlarining qo‘shma tadbirlarida Sirdaryo va Namangan viloyatlari hududlarida bir necha firibgarlik holatlari fosh etildi.
Sirdaryo viloyati uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi, «Ta'mirlash-tiklash xizmati» DUKda bosh mutaxassis bo‘lib ishlovchi 34 yoshli A.A. Mirzaobod tumanida o‘z nomiga tashkil etilgan, anorchilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaligining 2,7 ga yer maydonini tuman hokimligidagi tanishlari orqali Guliston tumanida yashovchi fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 66 mln so‘m olgan vaqtida jinoyat ustida qo‘lga olingan.
Yangiyer shahridagi «Antilyuks» MChJda ish yurituvchi vazifasida ishlovchi 41 yoshli shaxs hokimiyat, bank va kadastr tashkilotlarida ishlovchi tanishlari orqali Yangiyer shahrida yashovchi fuqaroga imtiyozli ravishda namunaviy uy olib berishini va xususiy bog‘cha qurish uchun 10 sotix yer maydoni ajratishda amaliy yordam ko‘rsatishni va'da qilib, buning uchun 2500 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga qarashli «O‘zvagonta'mir» AJ «Xovos vagonlarni ta'mirlash deposi» ishchisi temir yo‘l sohasida yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali fuqaroni Toshkent temir yo‘l vokzalining qo‘riqlash otryadiga ishga kiritib qo‘yish evaziga 2000 AQSh dollari olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Shuningdek, Namangan davlat universiteti doktoranti, 33 yoshli shaxs mahalliy fuqarolardan birini 2000 AQSh dollari evaziga Qirg‘iziston Respublikasidagi OTMlardan biriga o‘qishga kiritib qo‘yishini hamda 2021-2022 o‘quv yilida NamDUga o‘qishini ko‘chirtirib berishini aytib, turmush o‘rtog‘i vositachiligida so‘ralgan pulni olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan. Ushbu shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etayotgan bir vaqtda, u o‘zining jinoiy qilmishlarini davom ettirgan. U boshqa bir fuqaroga Ukrainaning Xarkov milliy universitetidan o‘qishini NamDUga ko‘chirtirib berishini va'da qilib, buning uchun 800 AQSh dollari va 2 mln so‘m olgan vaqtida takroriy qo‘lga olinadi. U ushbu fuqarodan avval ham 2000 AQSh dollari olgani ma'lum bo‘lgan.
Hozirda aniqlangan barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mavzuga oid
18:31 / 23.09.2024
Qozog‘iston va O‘zbekiston Sirdaryoda 10 ta gidropost tashkil qiladi
08:00 / 13.09.2024
Sirdaryoda 2 yoshli bog‘cha bolasi vafot etgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
16:00 / 07.09.2024
Sirdaryo, Navoiy va Toshkent viloyatida “prava” olib berishni va’da qilganlar ushlandi
08:10 / 06.09.2024