O‘zbekiston | 09:59 / 22.10.2020
22221
2 daqiqa o‘qiladi

Oltinko‘l tumaniga yangi hokim tayinlandi 

Andijon viloyatining Oltinko‘l tumaniga yangi hokim tayinlandi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Bugun, 22 oktabr kuni, xalq deputatlari Oltinko‘l tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazildi. Unda Andijon viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etdi va ma'ruza qildi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqilib, tumanga yangi hokim tayinlandi. 

Iqbolbek Matro‘ziyev

Iqbolbek Matro‘ziyev Oltinko‘l tumani hokimi lavozimini egalladi. 

Iqbolbek Matro‘ziyev 1984 yilda Jalaquduq tumanida tug‘ilgan, Andijon davlat universitetini tamomlagan, ma'lumoti bo‘yicha mutaxassisligi - kasb ta'limi (iqtisodiyot).

U 2009-2014 yillarda Andijon viloyati Jalaquduq tumani hokimligi moliya bo‘limi mudiri o‘rinbosari - budjet bo‘limi boshlig‘i, 2014-2017 yillarda Andijon viloyati Jalaquduq tumani hokimligi moliya bo‘limi mudiri, 2017-2018 yillarda Andijon viloyati hokimligi moliya boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, 2018 yildan Andijon viloyati Bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.

Oltinko‘l tumanining avvalgi hokimi Nazirjon O‘rinboyev oktabr oyi boshida hayotdan ko‘z yumgandi.

Kun.uz manbasi xabar berishicha, sobiq hokim qandli diabet va gipertoniya kasalliklaridan vafot etgan.

Mavzuga oid