Jahon | 10:45 / 26.10.2020
3879
2 daqiqa o‘qiladi

Berlinda karantinga qarshi norozilik namoyishi o‘tkazildi

Foto: EPA

Namoyish bo‘lib o‘tgan Berlinning Aleksandrplats maydonida 2000 ga yaqin odam to‘plangan. Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq Germaniyada joriy qilingan cheklov choralariga qarshilar 25 oktabr, yakshanba kuni Berlinda norozilik namoyishi o‘tkazdilar. Namoyish boshlangunga qadar Aleksandrplatsda 2000 ga yaqin odam yig‘ilgan edi, deya xabar bergan mahalliy politsiya.

Ishtirokchilar minimal masofani saqlamaganliklari va himoya niqoblari bo‘lmagani sababli, huquqni muhofaza qilish organlari tadbirni taqiqlashgan. Ammo bir necha yuzlab odamlar politsiyaning tarqatib yuborish chaqirig‘iga e'tibor bermay, Karl-Marks-Xiyobon bo‘ylab harakatlanishda davom etishgan. Namoyishchilar: «Biz bu yerdamiz. Bizni ozodligimizdan mahrum etishgani uchun shovqin qilyapmiz», «Biz xalqmiz» shiorlari bilan qichqirib, barabanlarni urishgan va hushtak chalishgan. Olomon ichida bolalar va qariyalar ham bo‘lgan.

Berlinda yana bir necha namoyishlar Brandenburg darvozasi va Tiyergarten bog‘idagi G‘alaba ustuni atrofida bo‘lib o‘tgan. Namoyish ishtirokchilari orasida Butunjahon sog‘liqni saqlash sammitiga norozilik bildirgan «Querdenken» tashabbusi («Noodatiy fikrlovchilar» - tahr.) a'zolari ham bo‘lgan.

25 oktyabrda boshlangan siyosatchilar va sog‘liqni saqlash sohasidagi mutaxassislarning xalqaro yig‘ilishi dastlab Berlinning «Kosmos» konferens-zalida bo‘lib o‘tishi kerak edi, ammo pandemiya tufayli u videokonferensaloqa shaklida o‘tadigan bo‘ldi.

Mavzuga oid