O‘zbekiston | 11:48 / 27.10.2020
3846
2 daqiqa o‘qiladi

Davlat standartlarini 5 yil mobaynida qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda

«Standartlashtirish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Loyiha bilan «Standartlashtirish to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahririni tasdiqlash nazarda tutilgan. Amaldagi O‘zbekiston standartlari va O’zDSt abbreviaturasi bilan qabul qilingan hujjatlar 5 yil mobaynida qayta ko‘rib chiqilishi lozim.
 
«Standartlashtirish to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahririning maqsadi - O‘zbekistonda milliy standartlashtirishning asosiy maqsadlari va prinsiplarini belgilash. U rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran 12 oy o‘tgach kuchga kiradi.
 
Standartlashtirishning asosiy prinsiplari:

  • qonuniylik;
  • oshkoralik va ochiqlik;
  • shaffoflik;
  • manfaatdor tomonlarning konsensusi;
  • manfaatdor tomonlarning umumiy manfaatlaridan shaxsiy manfaatlar ustun kelishining oldini olish (xolislik);
  • dolzarblik va samaradorlik.

Quyidagilar standartlashtirishning asosiy vazifalari etib belgilandi:

  • insonlar, jonzotlar hayoti, sog‘ligini, shuningdek o‘simliklar va atrof-muhitni himoya qilish;
  • mahsulot sifati masalalarida iste'molchilar manfaatlarini himoya qilish;
  • mahsulotlarning o‘zaro almashinuvchanligi va moslashuvchanligini ta'minlash;
  • fan va texnikaning rivojlanish darajasi, shuningdek aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojlariga mos ravishda mahsulot sifati va raqobatbardoshligini oshirish;
  • barcha turdagi resurslarni tejashga ko‘maklashish, ishlab chiqarishning texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarini yaxshilash;
  • ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy dasturlar va loyihalarni amalga oshirish va boshqalar.

Loyihada Vazirlar Mahkamasi, Standartlashtirish bo‘yicha Milliy organning vakolatlari, shuningdek standartlashtirish sohasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, nodavlat tashkilotlar, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning vakolatlari va boshqa masalalar bayon etilgan.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Mavzuga oid