Jahon | 08:45 / 01.11.2020
6981
3 daqiqa o‘qiladi

Moldovada prezident saylanadi

Foto: Reuters

Moldovada 1 noyabrda prezident saylovlari o‘tmoqda. Ushbu lavozimga 8 nomzod, jumladan amaldagi prezident Igor Dodon kurash olib boradi. So‘rovnomalarning ko‘rsatishicha, saylovlarning favoriti Dodon hisoblanadi va unga “Harakat va birdamlik partiyasi” yetakchisi Mayya Sandu haqiqiy raqobatni tashkil qilishi mumkin.

Ovoz berish byulletenlariga Dodondan tashqari, “Bizning partiya” yetakchisi, Moldovaning yirikligi bo‘yicha 2-raqamli shahri – Belsi meri Renato Usatiy, muxolif “Qadr-qimmat va haqiqat” platformasi” yetakchisi Andrey Nestase, Moldova Liberal-demokratik partiyasi vakili Tudor Deliu, “Shor” partiyasi vakili Violetta Ivanov, Moldovaning Ruminiya tarkibiga kirishini qo‘llab-quvvatlovchi nomzodlar – “Milliy birdamlik partiyasi” raisi Oktavian Tsiku va Liberal partiya yetakchisi, poytaxt Kishinyovning sobiq meri Dorin Kirtoake kiritilgan.  

Saylov uchastkalari soat 7dan ochilib, soat 21gacha ishlaydi. Agar nomzodlardan birortasi saylovlarda ishtirok etgan ovoz beruvchilarning 50 foizdan ko‘prog‘ining ovozini to‘play olmasa, 15 noyabrda ikkinchi tur bo‘lib o‘tadi. Saylovlar ularda ovoz berish huquqiga ega bo‘lgan 3,2 mln saylovchining uchdan ikki qismi ishtirok etsa, bo‘lib o‘tgan deb tan olinadi.

Saylovlarning kechishini 2 mingdan ko‘proq mahalliy va xalqaro kuzatuvchilar, jumladan YeXHT, Yevropa ittifoqi, MDH va turli xalqaro tashkilotlar vakillari nazorat qiladi. 

Saylovlarning o‘tkazilishiga pandemiya o‘z ta'sirini o‘tkazmay qo‘ymadi. Saylov uchastkalarida saylovchilarga himoya niqoblari, dezinfeksiya vositalari, qo‘lqoplar beriladi, pollarda ijtimoiy masofani saqlash uchun maxsus chiziqlar tortilgan. Respirator kasallik alomatlariga ega saylovchilar uylariga ariza bo‘yicha ovoz berish urnalari yetkaziladi.

Ta'kidlab o‘tish joiz, Moldovada uzoq davom etayotgan siyosiy va iqtisodiy inqiroz prezident saylovlari o‘tishi bilan hal bo‘lishi dargumon. Moldova parlament respublikasi bo‘lib, prezident imkoniyatlari cheklangan. 

Amaldagi prezident Igor Dodonning fikricha, prezidentga bir qator qo‘shimcha vakolatlar berilishi davlat boshqaruvini yaxshilashga va mamlakatni inqirozdan olib chiqishga yordam beradi. Uning ta'kidlashicha, buning uchun puxta o‘ylangan konstitutsiyaviy islohot zarur.

Moldovada prezident 4 yilga saylanadi. Amaldagi prezident Dodon ikkinchi muddatga o‘z nomzodini qo‘ygan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid