O‘zbekiston | 13:09 / 07.11.2020
68792
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoro viloyatiga yangi rahbar tayinlandi

Buxoro viloyatiga yangi hokim tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

Bugun, 7 noyabr kuni, Buxoro viloyati hokimligi majlislar zalida faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov, viloyat hokimi o‘rinbosarlari, shahar va tumanlar hokimlari, xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari, Senat a'zolari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, viloyat korxona va tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. 

Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi. O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov ayni paytga qadar “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi boshqaruvi raisi lavozimida faoliyat yuritib kelgan Botir Zaripov Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlanganligi to‘g‘risidagi prezident farmonini o‘qib eshittirdi.

Botir Zaripov

Viloyatga yetakchilik qilib kelayotgan Farhod Umarov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘alchilikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyatini davom ettiradigan bo‘ldi. 

Ma'lumot uchun, Botir Zaripov 1969 yil 20 noyabrda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 1997 yilda Toshkent moliya institutini tamomlagan. 1997-1998 yillarda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining Buxoro bo‘linmasi Yuridik va jismoniy shaxslarni kreditlashtirish bo‘limi boshlig‘i, 1998 yilda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining Buxoro bo‘linmasi Qorovulbozor filiali qurilishi boshlig‘i, 1998-2005 yillarda Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining Buxoro bo‘linmasi Qorovulbozor filiali boshqaruvchisi, 2005-2006 yillarda Markaziy bank Buxoro viloyati Bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari - Inkassatsiya boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.

U 2006 yilda Markaziy bankning Buxoro viloyati Bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, 2006-2008 yillarda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Buxoro bo‘linmasi boshqaruvchisi, 2008-2012 yillarda Markaziy bank Boshqaruvi raisining o‘rinbosari, 2012-2013 yillarda Markaziy bankining Nobank kredit tashkilotlarini nazorat qilish va tartibga solish departamenti direktori, 2013-2015 yillarda Markaziy bank Kredit tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash va tartibga solish departamenti direktori, 2015-2016 yillarda  AT “Agrobank” Boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari, 2016-2019 yillarda “O‘zqurilishmateriallari” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruvi raisi lavozimlarida ishlagan. 

2019 yil 4 apreldan esa yangidan tashkil etilgan “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi Boshqaruvi raisi vazifasida ishlab kelayotgan edi.

Joriy yilning avgust oyi oxirlarida Buxoro viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Karim Kamolov 66 yoshida vafot etdi. Unda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangandi.

28 avgust kuni Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘alchilikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan Farhod Umarov viloyat hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi.

Mavzuga oid