O‘zbekiston | 10:33 / 09.11.2020
2992
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston elektr energetika kompleksiga 457 mln dollar yo‘naltiriladi

Vazirlar Mahkamasining «Elektr energetika sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi budjetini qo‘llab-quvvatlash uchun Osiyo taraqqiyot bankining 200 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘larini jalb qilish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Norma’ning yozishicha, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Energetika vazirligi va OTB o‘rtasida kreditni jalb qilish bo‘yicha Memorandum imzolangan. 2020 yil 28 sentyabrda OTB Direktorlar kengashi tomonidan elektr energetika sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda O‘zbekiston budjetini qo‘llab-quvvatlash uchun 15 yil muddatga qarz ajratilishi ma'qullangan.
 
«O‘zbekiston Respublikasida elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish» investitsiya loyihasining umumiy qiymati 457,8 mln AQSh dollarini tashkil etadi. Loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanuvi Moliya vazirligi hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan ma'qullangan. Loyiha quyidagi mablag‘lar hisobiga amalga oshiriladi:

  • 91,3 mln AQSh dollari – «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ;
  • 250 mln AQSh dollari – Moliya vazirligi krediti;
  • 20,5 mln AQSh dollari – OTB krediti;
  • 62,6 mln AQSh dollari – «O‘zsanoatqurilishbank» krediti;
  • 33,3 mln AQSh dollari – Rivojlanish jamg‘armasi.

Energetika vazirligi investitsiya loyihasining amalga oshirilishida OTB qarz mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishi yuzasidan ijro etuvchi organ hisoblanadi. «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ loyihaning amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish, kreditni o‘z vaqtida o‘zlashtirilishi yuzasidan mas'ul hisoblanadi.
 
OTB tomonidan ajratilgan va O‘zbekiston budjeti xarajatlarini moliyalashtirish uchun mo‘ljallangan kredit 6 oylik libor + 0,5 foiz stavka bilan 200 mln AQSh dollarini tashkil etadi. Kreditni so‘ndirish, ular bo‘yicha foizlar, majburiyat uchun to‘lovlarni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekistonning respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
 
Qabul qilingan hujjat bilan quyidagilar tasdiqlandi:

«O‘zbekiston Respublikasida elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish» investitsiya loyihasi TIA asosiy texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari;

Elektr energetika sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda O‘zbekiston budjetini qo‘llab-quvvatlash uchun jalb etilayotgan OTB qarzini so‘ndirish, foiz va vositachilik to‘lovlarini to‘lashning prognoz jadvali.
 
Hujjat 31.10.2020 yildan kuchga kirdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid