Jahon | 21:29 / 13.11.2020
23320
7 daqiqa o‘qiladi

Pekin nihoyat Baydenni tabrikladi. Moskva hozircha kutadi

Besh kunga cho‘zilgan tanaffusdan keyin Xitoy Jo Baydenni prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongani munosabati bilan rasman tabrikladi.

REUTERS/EPA

«Biz AQShdagi prezidentlik saylovlarini Qo‘shma Shtatlarning ichidan turib ham, xalqaro hamjamiyat tomonidan ham kuzatib bormoqdamiz. Amerika xalqining tanlovini hurmat qilamiz va Bayden hamda Harrisni tabriklaymiz», dedi juma kuni Xitoy TIVning rasmiy vakili Van Venbin.

Odatda prezidentlikka saylanganlarga tabrikda kelgusi ishlarda muvaffaqiyatlar tilanib, o‘zaro samarali hamkorlik davom etishiga umid bildiriladi. Xitoyning tabrigi esa shunchaki mamlakat rahbari Si Tszinpin saylov natijalarini tan olganini ifodalashga xizmat qiladi.

Bir kun oldin Van Venbin Xitoy AQShdagi prezidentlik saylovlari natijasi Amerika qonunlari va protseduralari orqali aniqlanishini tushunishini aytish bilan cheklangandi.

Ko‘rinib turibdiki, Pekinda aynan Jo Bayden yanvarda prezident lavozimiga kirishishi va kelgusida birga ishlash kerakligiga shubha qilmayapti.

Dunyoning ikki yirik iqtisodiyotiga ega bo‘lgan bu davlatlar munosabati ularning o‘zi uchun ham, dunyoning boshqa davlatlari uchun ham muhimdir.

So‘nggi yillarda bu munosabatlar sezilarli darajada yomonlashgan. Donald Tramp xitoylik eksportyorlarga qarshi savdo urushi ochgan va doimiy ravishda Covid-19 aynan shu davlatdan tarqalganini eslatadi va bu virusni «Xitoy virusi» deb ataydi.

Keskinlik kuchayishining boshqa sabablari ham bor – XXR Janubiy Xitoy dengizi hududida harbiy ta'sirini kengaytirishi va mamlakat shimoli-g‘arbida yashovchi uyg‘urlarga zulm o‘tkazilishi.

Hozircha Bayden davrida Vashingtonning Xitoyga munosabati qanchalik o‘zgarishi yoki umuman o‘zgarish-o‘zgarmasligi noma'lum.

Uning o‘zi bu to‘g‘risida gapirmadi. Kongressda respublikachilar ham, demokratlar ham Pekinga nisbatan qat'iy siyosat yuritish tarafdori hisoblanadi.

Ekspertlarning fikricha, taktika o‘zgarishi ham mumkin: Bayden Xitoyni tiyishda bir tomonlama harakatlanishni kamaytiradi va bu borada ittifoqchilar bilan hamkorlik qiladi. Alohida masalalarda, masalan, iqlim masalasida Pekin bilan ham hamkorlik qilinishi istisno etilmaydi.

Moskvaning so‘nggi bayonoti
O‘tgan haftaning shanba kunidayoq dunyo davlatlari rahbarlari Jo Baydenni tabriklashni boshlab yuborishgandi. Ammo ayrim davlatlarning poytaxtlarida bunga shoshilishmayapti. Shu jumladan, Moskvada ham.

«Putin AQShning saylangan prezidentini g‘alaba bilan tabriklashi haqidagi savolingizni oldindan bilgan holda, men quyidagilarni aytmoqchiman: biz saylov natijalarining rasmiy e'lon qilinishini kutish to‘g‘ri deb bilamiz», – degandi Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga bergan intervyusida.

Juma kungi brifingda ham undan shu haqda so‘rashdi.

«Shak-shubhasiz, albatta, kim saylangan prezident deb e'lon qilinsa, prezident [Rossiya] tabrik telegrammasini yo‘llaydi. Bu borada boshqacha holat bo‘lmaydi», degan Peskov.

Undan Moskvadagilar ehtimoliy sud jarayonlari tufayli rasmiy natijalar cho‘zilishi mumkinligiga qanday qarashi so‘ralgan. «Yakuniy rasmiy natijalar qachon berilishi bizning ish emas. Qachonki rasmiy natijalar e'lon qilinsa, o‘shanda Putin tabrik telegrammasini yuboradi», degan u.

G‘arbdagilarning ko‘pchiligi Kreml saylov natijasidan xursand emas, degan fikrda/REUTERS

To‘rt yil muqaddam rossiyaliklar yetakchisi Donald Trampni birinchilardan bo‘lib tabriklagandi, Rossiya davlat dumasida esa bu xabarni shampan vinosi bilan nishonlashgandi.

BBC nashrining Moskvadagi muxbiri Stiv Rozenberg Kremldagilar Amerika saylovi natijalaridan xursand emasligi haqidagi taxminlar haqida yozadi.

Bayden Barak Obama davrida vitse-prezident bo‘lganida ham Rossiya siyosatining turli jihatlarini keskin qoralar va ushbu davlatni Amerika uchun asosiy tahdid sifatida baholardi.

Demokratik partiya an'anaviy ravishda faol tashqi siyosat olib borishga va butun dunyoda inson huquqlarini himoya qilishga harakat qiladi.

Aksincha, Tramp Moskva va Putinni deyarli tanqid qilmagan. AQShdagilar esa Rossiya 2016 yilgi saylovlarga aralashgani va Tramp g‘alaba qozonishiga hissa qo‘shgani haqida gumon qilib kelishadi.

Yana kimlar sukut saqlamoqda?
Braziliya
Ushbu mamlakat prezidenti Jaira Bolsanaru ko‘plab masalalarda qarashlari o‘xshagani uchun «braziliyalik Tramp» deb ham ataladi.

Saylovoldi kampaniyasi davrida Bayden Braziliya hukumatini Amazoniya tropik o‘rmonlarini himoya qilish uchun ko‘proq ish qilishga chaqirgandi, Bolsanaru esa uning bu chaqirig‘ini foydasiz va zararli deb atadi.

Braziliya nashrlari ma'lumotiga ko‘ra, Bolsonaru ham AQShdagi saylov jarayonlari to‘liq yakunlanmaguncha Baydenni tabriklamoqchi emas.

«Saylovlar tugab bo‘ldimi?», deya javob qaytardi u payshanba kuni jurnalistlarning shu haqdagi savoliga.

Kim Chen In va Tramp uch marta uchrashishdi/REUTERS

Meksika
Prezident Andres Manuel Lopes Obrador - Meksika bilan chegarada devor o‘rnatishga uringaniga qaramay Donald Tramp bilan yaxshi aloqalar o‘rnatishga harakat qilgan yana bir lotin amerikalik davlat rahbari hisoblanadi.

«Biz uzoqni ko‘zlamaydigan bo‘lishni istamaymiz. Biz vaziyatga yengil qaramaymiz», dedi u matbuot anjumanida va Meksika har ikki nomzodga ham birdek qarashini qo‘shimcha qildi.

Texasdan Vakillar palatasiga a'zo bo‘lgan demokrat Xoakin Kastro Obradorning ehtiyotkorligini beqiyos diplomatik xato deb atadi.

Shimoliy Koreya
Na Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In, na davlat nashrlari – KXDRda boshqachasi yo‘q ham – Amerikadagi saylovlar borasida churq etmadi.

2016 yilda Pxenyan Donald Trampni saylovdan bir necha kun o‘tib tabriklagandi.

Tramp va Kimning munosabatlari murakkab edi, ammo ular uch marta uchrashishdi.

Jo Bayden Shimoliy Koreya rahbariyatiga juda salbiy munosabatda va ular bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa qilishiga hojat yo‘qligini aytgan. Kim bunga javoban uni IQ darajasi past bo‘lgan ahmoq deb ta'riflagan.

Markaziy Osiyo
Ushbu mintaqada birgina Qozog‘iston prezidenti Qosim Jo‘mart To‘qayev Baydenni g‘alaba bilan tabrikladi.

O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston ham rasmiy natijalar e'lon qilinishini kutmoqda.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid