Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tigray qirg‘ini: Efiopiyada yangi urush olovi. U yerda nimalar bo‘lmoqda?
Efiopiyada hukumat va ayirmachilarning «Tigray ozodlik xalq fronti» kuchlari o‘rtasida ziddiyat avj olmoqda. Tigray provinsiyasini nazorat qiluvchi jangarilar qo‘shni provinsiyadagi ikki aeroportga raketalar bilan hujum qilishgan va bunday hujumlar davom ettirilishi to‘g‘risida ogohlantirishgan. Shuningdek, Efiopiya hududidan qo‘shni davlat Eritreya poytaxti Asmerega ham raketalar yo‘llangan. Qarama-qarshilik oqibatida so‘nggi bir necha kun ichida bir necha yuz kishi halok bo‘lgan.
Efiopiya hukumati va tigraylar tashkiloti o‘rtasidagi keskinlik so‘nggi oy ichida kuchayib borib, qurolli to‘qnashuvlarga aylanib ketdi. Amnesty International inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, 9 noyabr kuni May-Kadera qishlog‘ida jangarilar hujumi oqibatida yuzlab kishilar o‘ldirilgan.
«Tigray ozodlik xalq fronti» ushbu qirg‘inga aloqadorligini inkor etayotgan bo‘lsada, Efiopiya bosh vaziri Abiy Ahmad ushbu tashkilot rahbariyatini ommaviy qotillik uyushtirishda ayblamoqda.
Avvalroq hukumat rasmiylari «Tigray ozodlik xalq fronti»ni federal harbiylarning lageriga hujum uyushtirishda ayblab, ayirmachilarga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlash to‘g‘risida buyruq bergandi. Shundan so‘ng ikki tomon o‘rtasida havo zarbalari orqali to‘qnashuvlar boshlanib ketgandi.
Tigray - Efiopiyaning shimoliy provinsiyasi bo‘lib, Eritreya va Sudan bilan chegaradosh bo‘lgan bu hudud aholisi o‘zlarini tigraylar deb atashadi. Mamlakat markazi va janubida yashovchi aholi esa amxar xalqiga mansub hisoblanadi.

Aeroportlarga yo‘llangan raketa zarbalari haqida nimalar ma'lum?
Efiopiya hukumati ma'lumotiga ko‘ra, raketalar juma kuni kechqurun Amxara hududidagi Bahr-Dor va Gonder shaharlariga qarata uchirilgan. Raketalardan biri Gonder aeroportiga tushgan va uning bir qismini vayron qilgan.
O‘sha vaqtda uchirilgan ikkinchi raketa Bahr-Dor aeroporti atrofiga tushgan. Qurbonlar haqida ma'lumot berilmagan. Ikki aeroportdan ham yo‘lovchi samolyotlar va harbiy samolyotlar parvozi uchun foydalanilgan.
O‘z navbatida, «Tigray ozodlik xalq fronti» raketa zarbalari bosh vazir Abiyga bo‘ysunuvchi hukumat harbiylari tomonidan berilgan havo zarbalariga javob ekanini ma'lum qilgan. «Tigray xalqiga hujumlar to‘xtamas ekan, bizning hujumlarimiz ham kuchayib boradi», degan tashkilot vakili Getachu Reda feysbukdagi sahifasida.
Keyinroq Tigray telekanalida chiqish qilgan Reda yangi zarbalar berilishi ehtimolidan ogohlantirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, keyingi nishon Eritreya poytaxti Asmera bo‘lishi mumkin, bu esa ushbu nizo ikki qo‘shni davlat miqyosiga ko‘chishi mumkinligini anglatadi.
Shanba kuni kechqurun Asmeraga Efiopiya hududidan turib zarba berilgani ma'lum bo‘ldi. Diplomatik manbasiga asoslanib xabar tarqatgan Reuters agentligi ma'lumotiga ko‘ra, shaharga kamida uch raketa uchib kelgan, ulardan ikkisi aeroport hududiga tushgan. Tigraydagi ayirmachi kuchlar Eritreya Efiopiya hukumatiga harbiy yordam ko‘rsatib keladi deb hisoblaydi, ammo eritreyaliklar hukumati buni inkor etadi.
Tahlil: Eritreyaga zarba berilishi nimaga olib kelishi mumkin
BBC’ning ushbu mintaqadagi muxbiri Uill Ross «Tigray ozodlik xalq fronti» Eritreya poytaxtiga raketa zarbalari yo‘llanishidan keyin vaziyat yanada jiddiylashgani va buni endi to‘xtatib bo‘lmasligi haqida fikr bildirgan. Buning oqibatida mintaqadagi barqarorlik izdan chiqishi mumkin.
Muxbirning fikricha, vaziyat yanada keskinlashuviga Efiopiya bosh vaziri 1993 yildan buyon Eritreyaga rahbarlik qilib kelayotgan Isayyas Afeverki bilan ittifoq tuzgani sabab bo‘ladi. Endi ikki siyosatchining umumiy dushmani bor: «Tigray ozodlik xalq fronti»dan bo‘lgan siyosatchilar - ular ko‘p yillardan buyon Efiopiya siyosiy hayotida muhim o‘rin tutib kelishardi. Shu jumladan, 1998-2000 yillarda Eritreya bilan chegara tufayli bo‘lib o‘tgan urushda o‘n minglab kishilar (ayrim baholarga ko‘ra ikki tomondan jami 300 ming qurbon) halok bo‘lgan vaqtda ham.
Hozircha tomonlar xalqaro hamjamiyatning tinchlik chaqiriqlarini inkor etib kelishmoqda, minglab qochqinlar qo‘shni Sudan hududiga o‘tgan.
Efiopiya bosh vaziri Tigraydagi ayirmachilar bir necha kun ichida tor-mor etilishini ma'lum qilgandi, ammo u raqibning kuchlariga to‘g‘ri baho bera olmagan bo‘lishi mumkin. Tigraydagi harbiy kuchlar ham harbiy harakatlar olib borishda tajribaga ega va ular mahalliy tog‘li hududni a'lo darajada yaxshi bilishadi.
Shu bilan birgalikda, keng ko‘lamli mintaqaviy nizo Efiopiyaning tinch aholisi va butun Afrika shoxi mintaqasi uchun og‘ir oqibatlarga ega bo‘lishi mumkin.

Kim kim bilan urishmoqda?
2019 yilda bosh vazir Abiy Ahmad Ali qo‘shni Eritreya bilan ko‘p yillik mojaro hal qilingani uchun tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini olgandi. Ammo endi u tufayli yangi urush avj olmoqda.
Ayni vaqtda 44 yoshda bo‘lgan Abiy asli dasturchi bo‘lib, 2018 yilda modernizatsiya haqidagi shiorlari bilan hokimiyatga kelgandi.
Markscha-lenincha sotsialistik g‘oyalar asosiga qurilgan «Tigray ozodlik xalq fronti» partiyasi uzoq vaqt davomida hukumatdagi koalitsiya tarkibida bo‘lgan va umummilliy darajada ta'sirga ega bo‘lgan, ammo Abiy Ahmad davrida tashkilot va markaziy hukumat o‘rtasidagi aloqalarga darz ketdi.
Tigray yetakchilari bosh vazirni noto‘g‘ri siyosat yuritishda va tigrayliklarni hukumatdan chetlatishga urinishda ayblaydi, bosh vazir esa ularni korrupsiyada va islohotlarni sabotaj qilishda. Ahmadning so‘zlariga ko‘ra, Tigray qonun ta'qibidan qochqinlar uchun boshpanaga aylangan.
9 sentyabr kuni Tigray hukumati markaziy hukumatga bo‘ysunishdan bosh tortdi va hududiy parlament uchun saylovlar o‘tkazishga qaror qildi, markaziy hukumat esa koronavirus pandemiyasi tufayli saylovlarni bekor qildi.
3 noyabr kuni Abiy Ahmad mahalliy ayirmachilar mintaqaga joylashtirilgan harbiy lagerga hujum uyushtirgani haqida ma'lum qildi. Shu kuni Efiopiya parlamenti «Tigray ozodlik xalq fronti»ni terrorchi tashkilot deb e'lon qildi, prokuratura esa tashkilotning 64 nafar asosiy yetakchilarini, shu jumladan, tashkilot rahbari Debretsion Geberemayklni hibsga olishga order berdi.
4 noyabr kuni tashqi dunyo uchun noma'lum hudud bo‘lgan Efiopiya shimoli butun dunyo diqqat markazidagi hududga aylandi. Bu yerda harbiy harakatlar boshlandi, hukumat harbiylari aviatsiyadan foydalanmoqda. Poytaxtdagilar hujumlar muvaffaqiyatli bo‘lgani haqida aytishgan.
Hududdagi vaziyat
Tigrayda telefon aloqasi va internet ishlamagani tufayli Tigraydagi vaziyat tufayli aniq va tekshirilgan ma'lumot olishning imkoni yo‘q. Ammo BBC’ning Addis-Abebadagi muxbiri xabar berishicha, ziddiyat kun sayin keskinlashib, vaziyat yomonlashmoqda. Qarindoshlari Tigrayda yashovchi jurnalist Xana Zeratsionning aytishicha, mintaqada un, gaz va hammasidan ham yomoni suv taqchilligi yuzaga kelgan - endilikda ichimlik suvi o‘lchab tarqatilmoqda.
500 mingga yaqin kishi istiqomat qiladigan Mekele shahrida suv quvuri bir haftada bir marta ishlaydi. Odamlar avvaliga suvni buyurtma qilishayotgandi, endi mobil aloqa o‘chirib qo‘yilgani tufayli buning imkoni yo‘q.
Payshanba kuni elektr toki ham o‘chib qoldi, xabarlarga ko‘ra, mahalliy gidrostansiya portlatib yuborilgan.
«Men oilam uchun juda tashvishdaman, ayniqsa 11 yoshli ukam uchun. U kasal va hozirda unga dori topish juda mushkul ishga aylangan. Avval biz videoaloqa orqali bog‘lanib turardik, ammo endi bu ham yo‘q», degan Xana.
Beshafqat qirg‘in
Mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, qirg‘in 9 noyabr kuni kechqurun bo‘lib o‘tgan. Bundan bir kun oldin hukumat harbiylari Lugdi nomli hududda ayirmachilarni qaqshatqich mag‘lubiyatga uchratgandi.
«Tigray ozodlik xalq fronti» bu vahshiylikka aloqadorligini rad etmoqda. Debretsion Geberemaykl «Frans press» agentligiga bergan intervyusida bu haqda hech narsa bilmasligini aytib, hukumatni Mekele viloyati markazi va Adigrat shahrida aviazarbalar berish orqali tinch aholi vakillari o‘limiga sababchi bo‘lishda ayblagan.
Ammo Amnesty International tashkiloti guvohlarga asoslangan holda, ommaviy qirg‘in ayirmachi kuchlar tomonidan amalga oshirilganini ma'lum qilmoqda.
«Amnesty International Tigray viloyatining janubi-sharqida joylashgan May-Kadra shahrida 9 noyabrga o‘tar kechasi o‘nlab, balki yuzlab insonlar so‘yib yoki chopib tashlangani to‘g‘risidagi ma'lumotlarni bugun tasdiqlay oladi», deyiladi xabarda.
Tashkilot marhumlarning jasadlariga oid suratlar va videolarni ekspertizadan o‘tkazgan Crisis Evidence Lab laboratoriyasi ma'lumotlariga tayanmoqda. Tasdiqlanishicha, suratlar yaqinda May-Kadra shahrida olingan. Laboratoriya surat va videolarning geopozitsiyasini sun'iy yo‘ldoshlar yordamida aniqlagan.
Jasadlar shahar markazidagi Efiopiya tijorat banki binosi yaqinida va qo‘shni Xumera shahri yo‘llari chetidan topilgan. Ularning bir qismi avtomatdan o‘q uzish orqali o‘ldirilgan, yana bir qismi tig‘li qurollar bilan chopib tashlangan. Qatl oldidan ularning qo‘l va oyoqlari bog‘langan bo‘lgan.
Mavjud ma'lumotlarga ko‘ra, qurbonlar orasida Efiopiya armiyasining asir olingan harbiylari ham, Tigraydagi qishloq xo‘jaligi dalalarida ishlash uchun Efiopiyaning boshqa qismlaridan kelgan tinch aholi vakillari ham bor.
May-Kadrada halok bo‘lganlarning aniq soni hozircha ma'lum emas. Biroq mahalliy OAV ma'lumotlariga ko‘ra, 500 ga yaqin odam qirg‘in qurboniga aylangan.
Bosh vazir raqib tomonni «yurakni larzaga soluvchi shafqatsizlik»da aybladi. «Bunday yovuzlik - bu olchoq xunta uchun oddiy hol», deya yozgan u feysbukdagi sahifasida.
BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Mishel Bachelet obektiv tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan, undan ham yaxshisi - o‘t ochishni to‘xtatishni so‘ragan.
Mavzuga oid
14:48 / 10.09.2025
Efiopiya Afrikadagi eng yirik gidroelektr stansiyani ishga tushirdi
08:01 / 08.08.2025
Efiopiya yo‘lovchi samolyotlarini Rossiyaga ijaraga berishdan bosh tortdi
13:43 / 07.08.2025
Ethiopian Airlines o‘z samolyotlarini Rossiyaga ijaraga bermaydi
17:47 / 11.07.2025