O‘zbekiston | 12:40 / 24.11.2020
26012
3 daqiqa o‘qiladi

Energiya iste'moli uchun oldindan to‘lov majburiy qilinishi mumkin

Barcha elektr energiyasi iste'molchilariga elektr energiyasini yetkazib berish faqat oldindan to‘lov asosida amalga oshirilishi shartligi hukumat qarori loyihasida belgilangan.

Foto: electric-house.ru

«O‘zbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek ba'zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida»gi qaror loyihasiga muvofiq, barcha elektr energiyasi iste'molchilariga elektr energiyasini yetkazib berish faqat oldindan to‘lov asosida amalga oshirilishi shart etib belgilanadi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, iste'mol qilingan elektr energiyasi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, elektr ta'minoti shartnomasiga muvofiq, iste'molchilar har oyda to‘liq hisob-kitob qilishlari shart.

Hukumat qaror loyihasida ta'kidlanishicha, barcha iste'molchilarga (shu jumladan, maishiy iste'molchilarga) yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlar, mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qat'i nazar, faqat oldindan to‘lov asosida amalga oshiriladi.

«To‘lovni amalga oshirmagan iste'molchilarga nisbatan elektr tarmoqlaridan to‘liq uzish chorasi ko‘riladi. Alohida xavfli hamda elektr energiyasining uzib qo‘yilishi texnogen va avariyali oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan, uzluksiz texnologik jarayonga ega bo‘lgan sanoat korxonalarida qarzdorlik vujudga kelgan taqdirda haq to‘lanmaganligi uchun elektr energiyasi yetkazib berilishini cheklash belgilangan tartibda elektr ta'minotining avariya bronigacha, to‘liq uzib qo‘yish esa — faqat sud qaroriga ko‘ra amalga oshirilishi mumkin», — deyiladi hukumat qarori loyihasida.

Ayni kunlarda aholiga elektr energiyasi yetkazib berishda ko‘plab uzilishlar kuzatilmoqda. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari hududlardagi muammolarni bildirmoqda. Ushbu masala Senatda ham ko‘tarildi.

Energetika vazirligiga ko‘ra, elektr energiyasi ta'minotidagi uzilishlarning asosiy sababi – havo haroratining sovib ketishi natijasida elektr energiyasi iste'molining keskin ortishi tufayli yuzaga keldi.

Rasmiy axborotga ko‘ra, Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan issiqlik elektrostansiyasi favqulodda holatda ikkita agregat o‘chishi natijasida O‘zbekiston Respublikasi energotizimida 750 mVt quvvat yo‘qotildi. To‘raqo‘rg‘on IES faoliyatidagi o‘zgarishning sabablari hozircha ochiqlanmagan.

Mavzuga oid