Jahon | 09:06 / 01.12.2020
3068
2 daqiqa o‘qiladi

Moderna aksiyalari vaksina haqidagi yangiliklardan keyin 17,5 foizga qimmatladi

AQShning koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqayotgan Moderna farmatsevtik kompaniyasi aksiyalari narxi oxirgi birja savdolari davomida 24,06 dollarga (17,5 foizga) qimmatlab, 151,08 dollarga yetdi. 

Moderna aksiyalari narxining bunday keskin o‘sishi kompaniya o‘zi ishlab chiqqan vaksinani qo‘llash uchun ma'qullashga AQShning oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlar sifati bo‘yicha sanitar nazorat boshqarmasi va Yevropa tibbiyot agentligiga ariza bermoqchiligini e'lon qilgandan keyin yuz bergan.

Avvalroq kompaniya vaksina koronavirus infeksiyasi og‘ir kechishining 100 foiz oldini olishini ma'lum qilgandi.

Moderna’dan tashqari, AQShda vaksinani ishlab chiqish bilan Johnson & Johnson, Merck va Pfizer kompaniyalari ham shug‘ullanmoqda. AQSh hukumati vaksinalar ishlab chiqilishiga 12 mlrd dollar investitsiya qilgan.

O‘tgan hafta Yevrokomissiya Moderna bilan 80 mln doza vaksina sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzgan. Agar vaksina samaradorligi va xavfsiz ekani isbotlansa, Yevrokomissiya undan yana 60 mln doza sotib oladi. Moderna vaksinasi narxi 25 dollardan 37 dollargacha bo‘lishi mumkin.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid