O‘zbekiston | 16:22 / 02.12.2020
15737
4 daqiqa o‘qiladi

Qishda sement nega qimmatlayapti?

Ko‘chada qish havosi hukmron, qurilish ishlari deyarli kamaydi, ammo sement narxi oshmoqda. Negaki birja savdolarida taklif etilayotgan sement hajmi 34 foizga keskin qisqardi. Bunga O‘zbekistondagi yirik sement ishlab chiqaruvchi zavodlarning gazdan uzib qo‘yilgani sabab bo‘ldi.

Twitter’dagi «Bobo» akkaunti egasi 25 noyabr kuni Ohangaron va Quvasoy sement zavodlari 2 oylik muddatga gaz ta'minotidan uzib qo‘yilgani haqida xabar bergandi.

«Birjada 500-550 so‘mga tushgan sement 2 kunda 50 so‘mga oshdi. Bu yil ham qurilishlarning asosi (bo‘lgan) sement 1000 so‘mdan o‘tadi, shekilli», — deya fikr bildirgan tarmoq foydalanuvchisi.

Tovar xomashyo birja ma'lumotiga ko‘ra, shu yilning 20 noyabr kuni «Ohangaronsement» AJ tomonidan birja savdolariga qo‘yilgan portlandsementning (PsX) 1 tonnasi o‘rtacha 504 ming so‘mdan sotilgan. Shu kuni «Quvasoysement» AJ tomonidan savdoga qo‘yilgan M-400 sementining 1 tonnasi o‘rtacha 631 ming so‘mga sotilgan.

23 noyabr kuni «Ohangaronsement» AJ birja savdolarida ishtirok etmagan. Shuningdek, «Quvasoysement» AJ ham bozorda taklif bildirmagan.

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi xabariga ko‘ra, havoning keskin sovib ketishi tufayli gaz yetkazib berish bosimi pasaygan va sement zavodlari ish faoliyatini to‘xtatgan.

«Quvasoysement» AJ va «Ohangaronsement» AJ tomonidan sement ishlab chiqarilishi to‘xtatilgan. Shu boisdan ikkala ishlab chiqaruvchining sement mahsuloti o‘tgan haftada fond birja ro‘yxatiga olinmagan. Mazkur vaziyatdan kelib chiqib aytish mumkinki, bo‘lib o‘tgan savdolarning o‘rtacha kunlik hajmi 30 ming tonnani tashkil etgan bo‘lsa, bu avvalgi savdolarga nisbatan 46 ming tonnani belgilagan bo‘lib, bu foiz ko‘rsatkichida 34 foiz kamayganini ko‘rsatmoqda.

Sotilgan sement hajmi 141 ming 919 tonnani tashkil etgan bo‘lib, bu avvalgi kimoshdi savdosida sotilgan sement hajmidan 68 ming 456 ming tonnaga kamdir. Albatta, savdo hajmining ham pasayishi, uning narxining oshishiga olib kelgan. Ya'ni, aytaylik, hafta boshida 1 kg sement 512 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, hafta oxirida u 539,1 so‘mgacha (yoki 5 foizga) ko‘tarilgan. Mazkur holat savdo ishtirokchilarining kamayishiga ham o‘z ta'sirini ayamadi: ya'ni ular 1054 dan 817 nafarga kamaygan bo‘lsa, xaridorlar ham 556 nafardan 373 nafargacha kamayganini kuzatish mumkin», — deyiladi qo‘mita axborotida.

Telegram’dagi «Bakiroo» kanali muallifining yozishicha, ayrim rasmiy bo‘lmagan manbalarda O‘zbekistondagi sement zavodlari Turkmanistondan to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida gaz import qilishi mumkinligi haqida aytilmoqda. Kanal muallifi O‘zbekiston energetika sohasida netto importyorga aylanishi mumkinligini taxmin etgan.

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayevning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, O‘zbekiston netto importyor davlat emas.

«Raqamlarga qarasak, eksport hajmi import bilan teng. Biz importyormiz, deyish noto‘g‘ri bo‘ladi», — deya fikr bildirgan u.

Ma'lumot uchun, ishlab chiqarilayotgan muayyan tovar yo ko‘rsatiladigan xizmatning eksporti importnikidan qimmatga aylanganda, shu tovar va xizmatlarni chetdan import qilish qulayligini ifodalash uchun netto import tushunchasi ishlatiladi.

Alisher Ro‘zioxunov

Mavzuga oid