Jahon | 20:13 / 03.12.2020
11659
2 daqiqa o‘qiladi

Tixanovskaya o‘tish davrida Belarusga rahbarlik qilishga tayyorligini ma'lum qildi 

Belarus muxolifati mamlakatda o‘tgan prezident saylovlarining g‘olibi deb hisoblayotgan Svetlana Tixanovskaya o‘tish davrida Belarusga rahbarlik qilishga tayyorligini ma'lum qildi. Uning ta'kidlashicha, o‘tish davri yangi prezident saylovlarini o‘tkazishga tayyorgarlikni nazarda tutadi.

Foto: EPA-EFE/CLEMENS BILAN

“Hammamiz anglab turibmiz, tuzum parchalanmoqda va bosim hamda noroziliklar bosqichidan keyin muloqot bosqichi boshlanadi. Ushbu tuzum odamlari ularga o‘z xalqi bilan kurashishdan ko‘ra muzokaralar stoli atrofiga o‘tirish afzalroq bo‘ladigan vaziyatga tushadilar. Ko‘pchilik mendan bu davrda yetakchi bo‘lishga tayyorligim haqida so‘raydi. Ha, rasman e'lon qilaman, o‘tish davrida mamlakatga rahbarlik qilishga tayyorman”, deb aytgan Tixanovskaya o‘z videomurojaatida.

Tixanovskaya hozirgi maqsadi Belarus eng kam silsilalar bilan yangi saylovlarga kelishi uchun eng yaxshi ekspertlar va demokratik kuchlarni birlashtirishdan iboratligini aytgan.

Uning ta'kidlashicha, muxolifatning Muvofiqlashtiruvchi kengashi va Vakillar kabineti yangi saylovlarni o‘tkazish konsepsiyasini, konstitutsiyaviy islohotlar loyihasini, kichik va o‘rta biznesga iqtisodiy yordam berish va qo‘llab-quvvatlash dasturini ishlab chiqdi. “Biz tuzumga bosim o‘tkazishni davom ettirmoqdamiz va o‘tish davrini yengillashtirish va tezlashtirish hamda hokimiyatni xalqqa qaytarish ustida ishlamoqdamiz”, deb qo‘shimcha qilgan muxolifatchi.   

Ayni vaqtda Tixanovskaya Litvada qolmoqda. U Belarusni 9 avgustda o‘tgan prezident saylovlaridan bir necha kun keyin tark etgan.

Mavzuga oid