Jahon | 17:35 / 06.12.2020
11320
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh grin-kartasida Kurilda tug‘ilganlar yaponiyaliklar deb qabul qilinmoqda 

AQSh grin-kartasi o‘ynalishi qoidalarida Rossiya tarkibiga kiruvchi Janubiy Kuril orollarida tug‘ilgan rossiyaliklar yaponiyaliklar deb qabul qilinmoqda. Bunga Hokkaido Shimbun nashri e'tibor qaratdi.

Foto: TASS /Sergey Krasnouxov

Nashrda ta'kidlanishicha, grin-karta qoidalarida 2018 yildan beri Janubiy Kurilda tug‘ilganlarning tug‘ilgan davlati sifatida Yaponiya  ko‘rsatilishi haqida talab bor, chunki AQSh Janubiy Kuril orollarini Yaponiyaning bir qismi deb hisoblaydi.

Diversity Visa dasturida ishtirok etishni istovchilarga yo‘riqnomada Janubiy Kuril orollari - Xabomai, Shikotan, Kunashir va Iturupda tug‘ilganlar yaponiyaliklar deb qabul qilinishi ko‘rsatilgan. Janubiy Saxalinda tug‘ilganlar esa rossiyaliklar deb hisoblanadi. Bu holatga Rossiya fuqarolari e'tibor qaratib, shikoyat qila boshlashgan.

AQSh grin-kartasi 1990 yildan beri lotereya shaklida o‘ynalib kelinadi. Har yil 55 ming muhojir AQShga farzandlari bilan ko‘chib o‘tish imkonini oladi. Lotereyada har yil AQShga 50 mingdan ko‘proq vakili keladigan davlatlar fuqarolari ishtirok eta olmaydi. Shu sababga ko‘ra, rossiyaliklar 2005 yildan 2010 yilgacha ushbu dasturda ishtirok eta olmaganlar.  

Yaponiya Janubiy Kuril orollari - Iturup, Kunashir, Shikotan va Xabomai ustidan Rossiyaning suvereniteti bo‘yicha bahslashib keladi. Bu ikki davlat o‘rtasidagi tinchlik kelishuvini imzolashdagi bosh to‘siq hisoblanadi. Aslida Yaponiyaga tegishli bo‘lgan ushbu orollar Ikkinchi jahon urushidan keyin Rossiya nazoratiga o‘tgan: 1945 yil avgust-sentyabrda ushbu orollar Sobiq ittifoq qo‘shinlari tomonidan egallangan, 1946 yil 2 fevralda rasman Sobiq ittifoq tarkibiga qo‘shilgan. 2019 yilda Rossiya va Yaponiya bahsli orollarda umumiy xo‘jalik faoliyatini yuritishga kelishib olgan. 

Mavzuga oid