Jamiyat | 17:33 / 07.12.2020
3871
3 daqiqa o‘qiladi

Ta'lim inspeksiyasi Yevropa ta'lim inspeksiyalari tarmog‘iga a'zo bo‘ldi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Yevropada ta'lim milliy va mintaqaviy inspeksiyalar assotsiatsiyasi SICI (The Standing International Conference of Inspectorates)ga a'zo bo‘ldi.

Ushbu assotsiatsiya ta'lim sohasidagi inspeksiya jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha xalqaro anjumanlar, treninglar o‘tkazish orqali a'zo davlatlardagi inspeksiya jarayonlarida duch kelinadigan dolzarb muammolarni bartaraf etish, inspeksiyalar faoliyatini yaxshilashga qaratilgan strategiyalar ishlab chiqishni maqsad qilgan. Bunda inspektorlarning kasbiy ko‘nikmalarini oshirish, inspeksiyalar o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish va mavjud hamkorliklar rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro tajriba almashishga alohida e'tibor beriladi.

1995 yilda tashkil topgan mazkur xalqaro tashkilotning bosh ofisi Bryussel shahrida joylashgan bo‘lib, hozirda unga 40dan ortiq davlatlarning ta'lim inspeksiyalari a'zo bo‘lgan. Jumladan, Angliyaning Ofsted (The Office for Standards in Education, Children’s Services and Skills) – Qirolicha huzuridagi maktab inspeksiyasi departamenti, Finlandiyaning FINEEC (Finnish Education Evaluation Centre) – Finlandiya ta'limni baholash milliy markazi, Germaniyaning IEMQD (Institute for Educational Monitoring and Quality Development) – Ta'lim monitoringi va sifatini rivojlantirish instituti, Shvetsiyaning maktablar inspeksiyasi (Swedish Schools Inspectorate), Estoniyaning Ta'lim va ilmiy tadqiqotlar vazirligi departamenti (Department Ministry of Education and Research) va boshqalar.

Markaziy Osiyo mintaqasidan bu assotsiatsiyaga O‘zbekiston ta'lim inspeksiyasi yagona a'zo hisoblanadi (MDH davlatlarida Ukraina va O‘zbekiston). Mazkur uyushmaga a'zo bo‘lish kelgusida inspeksiya jarayonlari sifatini oshirishga, Yevropa inspektorlari bilan tajriba almashishga, qolaversa, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan ta'lim loyihalarining O‘zbekistonga jalb etilishiga xizmat qiladi.

Hamkorlikning ilk namunasi sifatida Ta'lim inspeksiyasi vakillari onlayn formatda o‘tkazilgan SICI’ning 25-Bosh Assambleyasida ishtirok etib, yevropalik hamkasblari bilan tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Mazkur nufuzli tadbirda assotsiatsiya direktori Shantal Manes va turli davlatlarning vakillari o‘z chiqishlari bilan ishtirok etishdi.

Bunda pandemiya davrida o‘quvchilarning maktabga qaytishi, duch kelinadigan muammolar, maktab tizimidagi o‘zgarishlar va bu jarayonda inspeksiyalarning roli muhokama qilindi. Bundan tashqari, imtihonlar va o‘quvchilarni baholash tizimi, raqamli texnologiyalar va o‘qitish jarayoni, pandemiya davrida ta'limda ijtimoiy tengsizlik kuchayishi muammolari muhokama qilindi. 

Mavzuga oid