Jahon | 14:20 / 12.12.2020
3015
2 daqiqa o‘qiladi

Kanadaliklar uchun koronavirusga qarshi vaksina butunlay bepul bo‘ladi

Kanada Pfizer/BioNTech vaksinasini favqulodda vaziyatlarda qo‘llashga ruxsat bergan ikkinchi davlat hisoblanadi. Mamlakat o‘z fuqarolarini koronavirusga qarshi bepul emlashni rejalashtirgan.

Foto: AFP

Ayni paytda Kanadada koronavirusga qarshi ommaviy vaksinatsiyaga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Davlat Buyuk Britaniyadan so‘ng ikkinchi bo‘lib koronavirusga qarshi Pfizer/BioNTech vaksinasini favqulodda vaziyatlarda qo‘llashga ruxsat berdi.

Sog‘liqni saqlash masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvda Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo hukumat barcha kanadaliklar uchun vaksina bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashini va odamlar bepul vaksina olishini ma'lum qildi.

Ma'lum qilinishicha, xavf guruhiga kiruvchi fuqarolar birinchi navbatda vaksina oladi.

“Bir necha kun ichida ilk 30 ming doza Kanadaga yetkazilishi kutilmoqda. Barcha kanadaliklarga "siz yolg‘iz emassiz" demoqchiman. Vaksina hammamiz uchun yaxshi xabar. Lekin unutmang, bu ommaviy tadbir va oldimizda uzoq qish bor. Men barcha hudud rahbarlariga federal hukumat vaksina va uning ta'minoti xarajatlarini qoplashini ma'lum qildim. Kanadaliklar uchun vaksina dozalari tekin bo‘ladi, shuningdek, provinsiya va mahalliy hududlar ham vaksina uchun mablag‘ sarflashi shart emas”, - dedi bosh vazir uchrashuvda.

Avvalroq, Kanada 40 milliondan kamroq aholisi uchun 154 million nafar kishiga yetadigan hajmda COVID-19 vaksinasi sotib olgani, keyingi haftadan ommaviy vaksinatsiya boshlanishi mumkinligi haqida xabar qilingandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid