Jahon | 09:46 / 15.12.2020
6172
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh bosh prokurori o‘z lavozimini tark etadi

AQSh prezidenti Donald Tramp mamlakat bosh prokurori Uilyam Barr o‘z lavozimini tark etishini ma'lum qildi. Barrning ta'kidlashicha, u o‘z lavozimini 23 dekabrda tark etadi.

Foto: Reuters

“Iste'foga chiqish haqidagi arizaga ko‘ra, Bill o‘z oilasi bilan ta'tilni o‘tkazish uchun Rojdestvo oldidan o‘z lavozimini tark etadi. Bosh prokuror o‘rinbosari Jyeff Rozen, ajoyib inson, bosh prokuror vazifasini bajaradi, Richard Donoxyu esa bosh prokuror o‘rinbosari majburiyatlarini o‘z zimmasiga oladi”, deb yozgan Tramp tvitterda.

AQSh prezidenti avvalroq Barr bilan Oq uyda uchrashgani va unga “ajoyib ishi” uchun minnatdorlik bildirganini qo‘shimcha qilgan.

Barrning Trampga yo‘llagan maktubiga ko‘ra, u o‘z lavozimini 23 dekabrda tark etmoqchi.

“Men keyingi haftani ma'muriyat uchun muhim ishlarni tugatgan holda o‘tkazaman. O‘z lavozimimni 23 dekabrda tark etaman. Sizga, Melaniyaga va oilangizga baxtli Rojdestvo va ta'tilni yaxshi o‘tkazishingizni tilab qolaman”, deyilgan bosh prokurorning Trampga yo‘llagan maktubida.

Avvalroq The New York Times nashri manbalarga tayanib, Barr o‘z lavozimini Trampning prezidentlik muddati yakunlangungacha tark etmoqchiligini ma'lum qilgan.  

Barrning ushbu qaroriga Trampning prezident saylovlaridagi mag‘lubiyatini tan olishni istamayotgani yoki Oq uy rahbarining Barrning adliya vazirligi saylovlar davomida yirik qoidabuzarliklarni aniqlamagani haqidagi so‘zlariga munosabati ta'sir qilgan bo‘lishi mumkin. 

Boshqa manbaga ko‘ra, Barr adliya vazirligida bajarmoqchi bo‘lgan ishini yakunlagani haqidagi xulosaga kelgan. 

Tramp Barrni bir necha bor, jumladan saylovlardagi qoidabuzarliklar haqidagi xabarlarni yetarlicha tekshirmagani uchun tanqid qilgan.

Shu tariqa, Rozen AQSh adliya vazirligiga Tramp uchun hal qiluvchi onda rahbar bo‘ladi: yanvarda amaldagi prezident sudlar orqali prezident saylovlari natijalari bo‘yicha da'volashishga hal qiluvchi urinishni amalga oshirishi kutilmoqda. Tramp o‘z raqibi Jo Baydenning g‘alabasini tan olmayapti va demokratlar saylovlar vaqtida ko‘plab qoidabuzarliklar sodir etgani va aynan shuning hisobiga g‘alaba qozonganini aytmoqda.  

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid