Jahon | 08:54 / 24.12.2020
17274
3 daqiqa o‘qiladi

Janubiy Koreyada koronavirusning uchinchi to‘lqini kuzatilmoqda 

Foto: Getty Images

Janubiy Koreyada rekord sonda kunlik kasallanish holatlari qayd etilayotgani sababli pandemiyaga qarshi yangi qat'iy choralar kiritilmoqda. Cheklovlar 24 dekabrdan 3 yanvargacha amal qiladi. 

Hukumat mamlakatda koronavirusning uchinchi to‘lqini boshlanganini e'lon qilib, Yangi yil nishonlanishi vaqtida qat'iy cheklovlar kiritishga qaror qildi. 

Janubiy Koreyada 22 dekabrda rekord sonda kunlik kasallanish holatlari qayd etildi va ularning soni 1092tani tashkil qildi. Mamlakatda kasallanganlarning umumiy soni 52 mingdan oshdi. Ulardan 13 mingdan ko‘prog‘i oxirgi 2 hafta ichida aniqlangan.      

23 dekabr holatiga ko‘ra, mamlakatda 15 mingdan ko‘proq kishi koronavirusdan davolanmoqda, ulardan 284 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda. Shu sababli intensiv davolash uchun o‘rinlar yetishmasligi borasida xavotir paydo bo‘lgan.  

Virus asosan aholi zich bo‘lgan poytaxt Seulda jadal tarqalmoqda. 

Janubiy Koreya bahorda karantin cheklovlarini kiritmay, infeksiya tarqalishini to‘xtata olgandan keyin pandemiyaga qarshi kurash bo‘yicha o‘rnak qilib ko‘rsatilgandi.

Fuqarolar Yangi yil bayramini ekstremal sharoitlarda o‘tkazishga to‘g‘ri kelishini mamlakat bosh vaziri Chon Se Gyun 22 dekabrdagi yig‘ilishda ma'lum qilgan.   

“Biz uchinchi to‘lqinni 3-darajadagi ijtimoiy masofalashuvdan ko‘ra kuchliroq choralar bilan yengmoqchimiz”, deb aytgan Chon Se Gyun.

Mamlakatda 24 dekabrdan 3 yanvargacha 5 kishidan ko‘proq bo‘lib yig‘ilish taqiqlanadi, diqqatga sazovor sayyohlik joylari, tog‘-chang‘i kurortlari va qishki sport turlarining boshqa obektlari yopiladi.

Shuningdek, virusning birinchi to‘lqinida infeksiyaning tarqalish o‘chog‘iga aylangan qariyalar uylari va ruhiy kasalliklar shifoxonalariga tashrif buyurish taqiqlanadi.

Restoranlar va supermarketlarda ijtimoiy masofalashuvning qat'iyroq choralari amal qiladi. U yerlarga kirishda odamlar tana harorati o‘lchanadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid