O‘zbekiston | 18:32 / 24.12.2020
4020
4 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlar afv etilgan fuqarolarni ishga qabul qilishga majburmi?

Bugun, 24 dekabr kuni Ichki ishlar vazirligida Oliy Majlis Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, unda afv etilgan shaxslarning ijtimoiy hayotga moslashuviga ko‘maklashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Ichki ishlar, Bandlik va mehnat munosabatlari hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirliklarining axboroti eshitildi.

Ma'lum qilinishicha, 2020 yilda prezidentning tegishli farmonlari bilan 512 nafar fuqaro afv etilgan. Ularning 316 nafari jazoni ijro etish muassasalaridan ozod etilgan, 196 nafarining jazo muddati qisqartirilgan, ozod etilgan 6 nafar chet el fuqarosi O‘zbekiston hududidan chiqarib yuborilgan.

Tadbirda bandlik va mehnat munosabatlari vazirining o‘rinbosari Bahodir Umurzoqov afv qilingan yoki ozodlikka chiqqan fuqarolarni majburiy tartibda xususiy tashkilotlarga ishga joylashtirish borasidagi savolga javob berdi.

Bahodir Umurzoqov

«Bu yerda hech kim majburlamaydi. Tadbirkor bo‘sh turgan vakansiyalari haqida ma'lumot beradi, biz u yerdagi 2-3 ta vakansiyadan bittasiga tavsiya qilamiz. Yo‘q, men qabul qilmayman, o‘zimni boshqa odamim bor deyishga haqqi yo‘q, qabul qilishi kerak. Agar ishga joylashmoqchi bo‘lgan afv etilganlarning biror kamchiligi bo‘lsa, masalan ma'lumoti kam bo‘lsa, oilaviy ahvoli yoki mutaxassisligi to‘g‘ri kelmasa, biz hech qanday e'tiroz bildirmaymiz. Lekin, [hammasi joyida bo‘la turib] uchala vakansiyaning birortasiga ham olmaydigan bo‘lsa, albatta unga chora ko‘ramiz. Bu uning ishiga aralashish emas, bu mehnat qonunini ijro etishga qaratilgan tadbirimiz. Mehnat qonunchiligi oldida hamma teng, tadbirkormi yoki davlat tashkiloti bunga amal qilishi kerak”, – dedi vazir o‘rinbosari.

Oliy Majlis Senati Sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Shuhrat Cho‘lliyevning qo‘shimcha qilishicha, davlat va nodavlat tashkilotlar o‘zidagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga ma'lumot berib turadi.

Shuhrat Cho‘lliyev

«Hattoki biz ham, Senat devonidagi bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma'lumot berib turamiz, bermasak, bizni ham jarimaga tortishadi. Bu vakolat barcha tashkilotlarga nisbatan ishlaydi. Bu jamiyatda qancha bo‘sh ish o‘rinlari borligi va ularni ochiq-shaffof holda kuzatib turish uchun qilingan. Tashkilotlar asosli ravishda afv etilganlarning nomzodini rad qilishi mumkin. Masalan, mutaxassisligi, ma'lumoti to‘g‘ri kelmasa va shu kabilar. Lekin bu «o‘tirib chiqqan» ekan degan vaj bilan qaytara olmaydi. Bu mehnat qonunchiligining buzilishi hisoblanadi, qonun oldida esa hamma teng. Bu borada jarima solish va javobgarlikka tortish faqat qonun bilan amalga oshiriladi. Vazirning yo‘riqnomasi yoki vazirlikning hujjati bilan emas”, – dedi senator.

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid