Jahon | 18:41 / 31.12.2020
10741
2 daqiqa o‘qiladi

Ozarboyjon Turkiyaga Armaniston orqali o‘tadigan transport yo‘lagi quradi

Qayd etilishicha, yuklar Armaniston hududidan avtomobillarda tashiladi – yo‘lakning ushbu qismida temir yo‘l qurilishi ko‘zda tutilmagan.

Foto: Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati

Ozarboyjon Turkiyaga Armaniston orqali o‘tadigan transport yo‘lagi qurilishini boshlamoqda. Bu haqda mamlakat prezidenti Ilhom Aliyev ma'lum qildi.

«Yaqin kunlarda Horadizdan Zangilongacha, Armaniston bilan chegaragacha yetib boradigan temir yo‘l qurilishi boshlanadi. Ushbu temir yo‘l qurilishiga ko‘pi bilan ikki yil ketadi deb hisoblayman», — dedi Aliyev.

Qayd etilishicha, yuklar Armaniston hududidan avtomobillarda tashiladi – yo‘lakning ushbu qismida temir yo‘l qurilishi ko‘zda tutilmagan.

27 sentyabr kuni tongda Tog‘li Qorabog‘da Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida harbiy to‘qnashuvlar avj olgandi. Bu urush ikki mamlakat o‘rtasida uzoq yillardan beri davom etib kelayotgan o‘zaro qarama-qarshilikning eng jiddiysi bo‘ldi.

9 noyabrda uch tomonlama (Rossiya, Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasida) kelishuv imzolandi va urush to‘xtadi. Kelishuvni Ozarboyjon g‘olib bo‘lganining isboti sifatida qabul qildi va 10 noyabr mamlakatda g‘alaba kuni sifatida nishonlanadigan bo‘ldi. Armaniston uchun esa kelishuv mag‘lubiyat sifatida baholandi.

Ozarboyjon hukumati Tog‘li Qorabog‘ning Boku nazorati ostiga o‘tgan hududlarini tiklash uchun 2,2 milliard manat (1,3 milliard dollar) ajratishni rejalashtirmoqda.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid