Qirg‘iziston poytaxti Bishkek havosi ifloslanganligi bo‘yicha dunyoda 1-o‘rinni egalladi. Bundan World Air Quality (“Dunyo havosi sifati”) xalqaro tashkiloti saytida e'lon qilingan tadqiqot natijalari darak bermoqda.
Havosi eng ifloslangan shaharlar ro‘yxatida 2-o‘rinni Kobul (Afg‘oniston), 3-o‘rinni esa Daqqa (Bangladesh) egallamoqda.
Bishkek ushbu ro‘yxatda oxirgi hafta ichida ikkinchi marta 1-o‘rinni egallamoqda. Bungacha Qirg‘iziston poytaxti 2- va 3-o‘rinlarni egallagan.
Bishkekda havo ifloslanishi bilan bog‘liq vaziyat oxirgi 3 yil ichida keskinlasha boshlagan. Mutaxassislar bunga bir necha sababni keltirishmoqda: birinchidan, Bishkek issiqlik elektr stansiyasining sifatsiz rekonstruksiya qilinishi; ikkinchidan, shaharda shamollar aylanishini hisobga olmagan holda ko‘p qavatli uylarning betartib qurilishi; uchinchidan, avtomobillarning ko‘pligi.
Ba'zi jamoat tashkilotlari havo ifloslanishi sababli Bishkekda favqulodda vaziyat rejimi kiritishni talab qilishmoqda.