O‘zbekiston | 11:41 / 05.01.2021
3802
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryodagi gaz haydash agregatlari to‘liq ishga tushirildi - «O‘zbekneftgaz»

Qashqadaryodagi siquv kompressor stansiyalarida yuzaga kelgan avariyaviy holat to‘liq bartaraf etildi, deb ma'lum qildi “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati Kun.uz muxbiriga.

“O‘zbekneftgaz” AJ va “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mutaxassislari bilan hamkorlikda olib borilgan harakatlar natijasida “O‘ztransgaz” AJga qarashli magistral gaz quvurlariga yetkazib berilayotgan tabiiy gaz sarfi qayta tiklandi va bugundan yana gaz muammosi yechiladi, deyiladi xabarda.

2021 yil 4 yanvar kuni soat 07:00da “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli “Zevarda”, “Janubiy Kemachi”, “Janubiy O‘rtabuloq”, “Dengizko‘l”, “Somontepa” siquv kompressor stansiyalaridagi 14ta gaz haydash agregatlari avariyaviy holatda to‘xtagan edi. 

Buning natijasida “O‘ztransgaz” AJga qarashli magistral gaz quvurlariga yetkazib berilayotgan tabiiy gaz sarfi kamaydi. Gaz haydash agregatlaridagi avariyaviy holatga neft va gaz qazib chiqarish konlarini elektr energiya bilan ta'minlab turgan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga tegishli bo‘lgan «Neftchi 110/35/6 kV» podstansiyasida yuzaga kelgan nosozlik sabab bo‘lgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid