O‘zbekiston | 17:07 / 05.01.2021
13028
2 daqiqa o‘qiladi

Viloyatlarda ham dronlar shousi bo‘lib o‘tadi

Hukumat komissiyasi topshirig‘iga muvofiq, hududlarda dronlar shousi tashkil etiladi. Ilk dron-shou 5 yanvar kuni Samarqand shahridagi Ko‘ksaroy maydonida bo‘lib o‘tadi.

Foto: Samarqand viloyati IIB

Keyingi bir necha kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va qator viloyatlarda dronlar shousi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Kadastr agentligi matbuot kotibi Ne'matjon Otamurodov ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri

«Yangi yil munosabati bilan Toshkent shahrida dronlar shousi o‘tkazildi. Mazkur dronlar Kadastr agentligi Geoinnovatsiya markazining 25 nafar mutaxasissisi tomonidan boshqarilgan. 500 ta dron yordamida osmonda 8 ta shakl yasaldi.

Mazkur dronlar shousi boshqa viloyatlarda ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan», – dedi Otamurodov 5 yanvar kungi brifingda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bosh vazir topshirig‘iga muvofiq:

  • 5-6 yanvar kunlari Samarqandda;
  • 7 yanvarda Buxoroda;
  • 8 yanvarda Xorazm viloyati Urganch shahrida;
  • 9-10 yanvar kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida;
  • 16 yanvarda Farg‘ona viloyatida dronlar shousi o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Ayni damda dronlar Samarqand viloyatiga yetib borgan va viloyat hokimligi yonidagi maydonda tayyorgarlik ishlari boshlab yuborilgan.

Ob-havo hamda dronlar uchish maydoni talabga javob beradigan bo‘lsa, 5 yanvar soat 18:00dan 19:00gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida Samarqand shahrida dronlar shousi o‘tkaziladi.

«Boshqa viloyatlarda bo‘lib o‘tadigan bunday shoular vaqti va joyi haqida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizda e'lon qilib boramiz», dedi Kadastr agentligi rasmiysi.

Samarqand viloyat IIB xabariga ko‘ra, dron-shou Samarqand shahrining Ko‘ksaroy maydonida, Harbiy-vatanparvarlik oyligi doirasida o‘tkaziladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid