O‘zbekiston | 14:14 / 06.01.2021
3064
2 daqiqa o‘qiladi

Senatorlar madaniyat sohasiga oid yangi qonunni ma'qulladi

2021 yil 6 yanvar kuni bo‘lib o‘tayotgan Oliy Majlis Senatining o‘n birinchi yalpi majlisida “Madaniy faoliyat va madaniyat tashkilotlari to‘g‘risida”gi qonun senatorlar tomonidan ko‘rib chiqilib, bir ovozdan ma'qullandi.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Senat tomonidan ma'qullangan qonunda:

  • madaniyat sohasida davlat siyosatining maqsadi va asosiy ustuvor yo‘nalishlarini belgilash;
  • madaniyat sohasidagi huquqiy munosabat ishtirokchilarini aniqlash va ularning vakolatlarini belgilash;
  • iste'dod egalari va madaniyat muassasalarining huquqiy maqomini belgilash;
  • madaniyat tashkilotlarining davlat hokimiyati organlari, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro aloqa va hamkorligini takomillashtirish;
  • madaniyat tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish va boshqa bir qator masalalar qamrab olingan.

Shuningdek, qonunda ijodkor, ijodiy jamoa, ijodiy faoliyat, madaniy tadbirlar, madaniy tadbir tashkilotchisi, madaniyat xodimi kabi asosiy tushunchalarga ta'rif berilgan.

Qonun prezident tomonidan imzolanib, e'lon qilingach kuchga kiradi.

Aytish joizki, bunga qadar madaniyat sohasidagi huquqiy munosabatlar “Madaniy boyliklar olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”, “Muzeylar to‘g‘risida”, “Madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunlar hamda boshqa ko‘plab qonunosti hujjatlari bilan tartibga solib kelingan.

Ma'lumot uchun, Senatning o‘n birinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash haqida”gi qonunlar ham senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid