Jahon | 00:44 / 09.01.2021
2438
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniyada koronavirusga qarshi qalbaki vaksina sotish holatlari uchramoqda

Foto: Reuters

London politsiyasi koronavirusga qarshi qalbaki vaksina sotgan kishini qidirmoqda va mahalliy aholidan uni tutishda yordam berishni so‘ragan.

“Biz aholining zaif qatlamlariga qalbaki vaksina sotgan erkak shaxsini fosh qilishda yordam berishga chaqiramiz”, deyilgan politsiya xabarida.

BBC telekompaniyasining xabar berishicha, firibgarning qurbonlari orasida 92 yoshli ayol ham bor. Erkak o‘zini sog‘liqni saqlash milliy xizmati xodimi sifatida tanishtirib, ayolga “vaksina kiritgani” uchun 160 funt sterling olgan.  

Politsiyaga firibgar keksa ayolga nima kiritgani noma'lum. Biroq ayol ushbu holatdan keyin mahalliy shifoxonada ko‘rikdan o‘tkazilgan va unda o‘zini yomon his qilish belgilari aniqlanmagan.

Ta'kidlanishicha, mamlakatning qolgan hududlarida ham xuddi shunday firibgarlik holatlari qayd etilmoqda.

Avvalroq Derbishir grafligi politsiyasi jinoyatchilar tomonidan bank ma'lumotlari o‘g‘irlash maqsadida sog‘liqni saqlash milliy xizmati nomidan xabarlar jo‘natilayotganidan ogohlantirgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi vakilining ta'kidlashicha, Angliya sog‘liqni saqlash xizmati aholi bilan emlash borasida bog‘langanda hech qachon bank ma'lumotlari, pin-kodlar yoki parollar so‘ramaydi. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid