O‘zbekiston | 17:48 / 14.01.2021
31811
3 daqiqa o‘qiladi

Nurafshon shahri hokimi ishdan olindi

Nurafshon shahri hokimi Qahramon Hakimov ishdan olingan. Bu ma'lumotni Kun.uz’ning bir necha manbasi tasdiqladi.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati

1971 yil 15 iyunda Andijon viloyati Baliqchi tumanida tug‘ilgan Qahramon Hakimov 2019 yilning 15 avgustida Nurafshon shahar hokimi etib tayinlangandi. U ish faoliyatini Izboskan tumani IIBda boshlagan. Faoliyati davomida sanoat va qurilish sohasida bir qator mas'ul lavozimlarda ishlagan. 2018–2019 yillarda «Toshuyjoy LITI» aksiyadorlik jamiyati bosh direktori bo‘lib ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, Nurafshon shahar madaniyat bo‘limi vakillari hamda boshqa mahalliy xonandalar shahar hokimining tug‘ilgan kuniga bag‘ishlab qo‘shiq ijro etib chiqqan, bu ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Qo‘shiqda Qahramon Hakimov «Elim bugun bunyodkor, inshootlar nurviqor, yangi shahar quruvchi bir qahramon hokim bor!..» deya madh etilgan bo‘lib, ungacha O‘zbekiston tarixida biror hokimga atab bu qadar oshkora qo‘shiq kuylanmagan edi.

Kyayeyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan rolikni tayyorlashda ishtirok etganlar ogohlantirilgani, bu ish tashabbuskori bo‘lgan shahar madaniyat bo‘limi axborot xizmati rahbari Ravshan Mirzaqulov ishdan bo‘shash haqida ariza yozganini bildirilgandi.

Holat bo‘yicha izoh bergan Qahramon Hakimov «Dangalini aytganda, menga shu kerak edimi? Mutlaqo yo‘q. Men bir ijrochiman, xolos. To‘g‘ri, Nurafshonda katta ishlar bo‘layotgani rost. Lekin, ularni mening nomim bilan bog‘lashlariga mutlaqo qarshiman», degan edi.

Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmatining Kun.uz muxbiriga ma'lum qilishicha, xalq deputatlari Nurafshon shahar kengashining bugun bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari sessiyasida Qahramon Hakimovning o‘rniga yangi hokim tayinlanishi kutilmoqda. Ma'lumotlarga ko‘ra ushbu lavozimga prezident tomonidan qattiq tanqidga uchrab, 5 yanvar kuni ishdan olingan sobiq uy-joy kommunal xo‘jalik vaziri Muzaffar Soliyev tayinlanishi kutilmoqda. Nurafshon shahar hokimligi hozircha ushbu ma'lumotni tasdiqlagani yo‘q.

Mavzuga oid