O‘zbekiston | 22:48 / 14.01.2021
26093
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari: O‘zbekiston YeOII a'zosi bo‘lishini umid qilamiz

Aleksey Overchuk O‘zbekistonni Rossiya yetovidagi YeOII a'zosi bo‘lishiga umid bog‘lagan. O‘zbekiston rasmiylari hali bunday irodani bildirmagan.

Foto: RIA Novosti

Rossiya Federatsiyasi o‘tgan yili Yevro-Osiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomini olgan O‘zbekiston yaqin istiqbolda ittifoqning to‘laqonli a'zosi bo‘lishiga umid bog‘lagan. Bu haqda RF bosh vaziri o‘rinbosari Aleksey Overchuk Gaydar forumida ma'lum qilgan.

«Biz O‘zbekistonni Ittifoq a'zosi sifatida ko‘rishga ishonamiz va barcha a'zolar bunda ko‘mak beradi. Rossiya ham bu masalada O‘zbekistonga yordam beradi», – deya ta'kidlagan u.

2020 yil 11 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)ning videoanjuman shaklidagi sammitida O‘zbekiston va Kubaga tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomini berish to‘g‘risida qaror qabul qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev o‘tgan oy AQShga safari chog‘ida O‘zbekiston YeOIIning to‘laqonli a'zosiga aylanishi masalasi hali ochiq turganini aytgandi.

Rossiya yetakchiligidagi mintaqaviy integratsiya haqida gapirar ekan, Safoyev bu masala o‘zbek jamiyatida Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishga qaraganda ko‘proq qarama-qarshiliklarga sabab bo‘layotganini ta'kidlagandi.

Shavkat Mirziyoyev yil boshida Senatdagi chiqishida YeOII bilan hamkorlik borasidagi xavotirlarga munosabat bildirgan edi.

«Mustaqillikni birovga berib qo‘yadi, degan xomxayol gaplar hoyu-havas gaplar. Kim berib qo‘yadi mustaqillikni? […] Kuzatuvchi degani – a'zo degani emas. Tomoshabin degandek. Kuzatuvchi maqomida nima yaxshi, nima yomonligini kuzatamiz», – degandi davlat rahbari.

Mavzuga oid