Jahon | 01:59 / 15.01.2021
5637
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an koronavirusga qarshi emlandi

Foto: Reuters

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an koronavirusga qarshi emlandi. Anadolu axborot agentligining xabar berishicha, Erdo‘g‘anga Xitoyning Sinovac kompaniyasi ishlab chiqqan CoronaVac vaksinasining birinchi dozasi kiritilgan.

“Men ham emlandim”, deb yozgan Erdo‘g‘an Telegram‘da. “Mamlakatimizda emlash dasturi doirasida 254 ming tibbiy xodim emlanib bo‘ldi. Men ham ular qatoriga qo‘shildim. Umid qilaman, qisqa vaqt ichida fuqarolarimiz emlashdan o‘tadilar”, deb qo‘shimcha qilgan Turkiya rahbari.

Turkiyada 14 yanvarda aholini koronavirusga qarshi ommaviy emlash boshlandi. CNN Turk telekanalining xabar berishicha, 1-bosqichda tibbiy xodimlar va 65 yoshdan kattalar emlanadi. Xitoy vaksinasi emlash dasturida ishtirok etayotgan shifoxonalarga politsiya hamrohligida maxsus mashinalarda yetkazilgan.        

Xitoyning CoronaVac vaksinasi koronavirusning kuchsizlashtirilgan versiyasidan iborat bo‘lib, uning xavfsizligi sichqonlar va maymunlardagi sinovlar davomida tekshirilgan. Vaksinaning odamlarda klinik sinovlari 2020 yil aprelida boshlangan. Bu sinovlarda 700 nafar sog‘lom ko‘ngilli ishtirok etgan.

Mavzuga oid