Tiagu va Diogu. Yurgen Kloppning yakunlangan «Liverpul»i haqida
«Liverpul»ning «Enfild»da «Byornli»da darvozasiga gol ura olmagan o‘yini jamoaning Angliya Premer-ligasidagi qatorasiga to‘rtinchi golsiz o‘yini edi. Bunday seriya yaqindagina uchovlon butun bir jamoalardan ko‘proq gol uradigan hujumchilar maydonda mavjud bo‘lganida ro‘y bermoqda.
Bu mayli, eng qizig‘i, avvalgi turda «Yunayted» bilan o‘yin (0:0) studiyasida ishtirok etgan, «Liverpul» muxlisi bo‘lgan rus sharhlovchisi tinmay Diyegu Jotaning yo‘qligi gapirgani bo‘ldi. Yanayam ajablanarlisi, men uchun ham bu ancha mantiqli faraz ko‘rindi – qarang, dunyoni titratgan Firmino – Saloh – Mane turib, «nega sotib olindi ekan?» deb hayron qolganimiz Jota haqida bo‘lyapti bu gaplar.
Aksariyat muvaffaqiyatli murabbiylar transfer bozorida tizimli ishlashni ma'qul ko‘rishadi. Masalan, Joze Mourino. Keliboq, o‘zi qurmoqchi bo‘lgan tarkibni pishitib oladi va asta-sekinlik bilan bo‘sh o‘rinlarni to‘ldiradi. Joze jamoa uchun tayanch yarimhimoyachisi kerak bo‘lsa, bozordan aynan mana shu ampluadagi saviyali futbolchi qidiradi. Agar birinchi tanlov – yulduz sotib olinsa, yaxshi, mabodo o‘xshamasa, budjet varianti ham qoniqtiradi, xullas, o‘sha bo‘sh turgan nuqtani to‘ldirishi kerak. Keyin aytaylik, ikkinchi hujumchi, yana bir markaziy himoyachi va hokazo. Oqibatda, 12-14 futbolchidan iborat asosiy tarkib tashkil topadi. Kuchli va sovrindor jamoa tuzish uchun eng qisqa yo‘l, ammo keyinchalik muammolar yuzaga kelishi tabiiy. Bu tamoyil asosida bir klubda uzoq muddat ishlashning iloji qiyin.
Yurgen Klopp o‘z faoliyati davomida ilk marotaba mana shu yo‘ldan bordi. Mayns yoki Dortmundda buning iloji yo‘q edi, chunki har yili yetakchi futbolchilar bilan xayrlashishga majbur bo‘linar, bunday sharoitlarda hatto 2-3 yillik reja qilish imkonsiz. Shahin, Kagava, Gyotse, Levandovski – har yili «Borussiya» bir yulduzini top klublarga kuzatar edi.
Liverpulda bunday muammo yo‘q, Klopp asta-sekinlik bilan mukammal jamoasini tuzib bordi. Hatto Koutinoning sotilishi ham Yurgenning rejalariga u qadar halaqit qilmas, gohida muvaffaqiyatli skauting (Trent, Roberson), gohida qimmatbaho maqsadlar (Van Deyk, Keyta, Alison), goh kutilmagan nishon (Saloh) yakunda pazlni ajoyib kartinaga aylantirdi. Darvozada Alison, himoyada Trent, Roberson, Van Deyk va kimdir, yarimhimoyada Henderson, Veynaldum va yana kimdir, hujumda Firmino, Saloh va Mane. Kimdirlar o‘rnida Matip, Gomis, Keyta, Fabino – mana sizga 13 futbolchidan iborat supertarkib.
Bu tarkib bilan «Liverpul» shu darajada cho‘qqiga chiqdiki, bir tizimli mashinaga aylandi, har bir futbolchi esa, bir almashtirib bo‘lmas murvat. Ular alohida olganda ham yaxshi futbolchi bo‘lib qolaveradilar, ammo aynan birgalikda yulduzga aylanadilar, mana shu tizimning ichida. Trent ham, Firmino va hatto Saloh ham milliy jamoalarda, boshqa sheriklar bilan bu qadar samarali bo‘la olishmagan. Tabiiyki, bu holat qaysidir ma'noda salbiy ta'sirini ham ko‘rsata boshlaydi.
Birinchidan. Yaqinda bir yerda o‘qib qoldim, «Barselona»ning Messiga yoki «MYu»ning Fernandeshga bog‘liqligi haqida aytamiz-ku, lekin tizimli jamoalarda ham muammo kattaroq. Xo‘p, Messi yoki Fernandesh jarohat olsa, jamoa kuchsizlanib qoladi, lekin «Liverpul»da bunday futbolchilar bir emas sakkizta, tasavvur qilyapsizmi? Ya'ni jarohatlar tufayli o‘yinga putur yetish ehtimoli sakkiz barobar ko‘p – Van Deyk jarohat oladimi, Manemi yoki Firmino, farqi yo‘q, «Liverpul» oldingidan ikki barobar kuchsizlanib qolaveradi. Yaqinda «Yunayted» «Lids»ni 6:2 yutgach, tarkibda 9 ta o‘zgarish qildi va «Everton»ni 2:0 yengdi. Qizig‘i, 9 futbolchi almashgani bilinmadi ham, chunki, Maguayr va Bruno maydonda qolgandi. «Yunayted»da muammo paydo bo‘lishi uchun, yo Bruno yoki Maguayr, yo Reshford jarohat olishi kerak, «Liverpul»da esa, bunday o‘yinchilar sakkiz nafar. Messi, De Bryuyne yoki Bruno har qancha hal qiluvchi bo‘lishmasin, «Liverpul» kabi mashinalardagi «risk» yanada kattaroq, tushunyapsizmi?
Ikkinchidan. Yaqinda «Liverpul» Timo Verner transferidan voz kechib, sabab sifatida moliyaviy imkoniyatlarni ro‘kach qilganida, yozgandim – aslida gap faqat moliyaviy holatda emas, agar istak yetarli bo‘lganda bu transfer albatta sodir bo‘lardi. Axir keyinroq, Jotaning deyarli o‘sha summaga sotib olinishi gap pulda emasligini isbotladi-ku, to‘g‘rimi? Shunchaki, futbolchi tomonidan qaraganda ham, Firmino – Mane – Saloh uchligidan birini raqobatda yengishi imkonsizdek ko‘ringan. Tarkib yuqorida aytilgandek, shu darajada mukammalki, biror futbolchini qo‘shish qiyin, chiqarib yuborish esa, katta jasorat talab etardi. Shu yilning yozida Trent o‘rniga biror qanot futbolchi olib kelinishini tasavvur qila olarmidingiz? Bir paytlar Yevropaning eng kuchli yarimhimoyachilaridan biri bo‘lgan Sesk Fabregas «Barselona»ga kelib, joy topa olmaganini, eslang. «Barselona», ayniqsa, Xavi – Buskets – Inesta uchligi mana shunday o‘zgartirib bo‘lmas tizim bo‘lgandi. Jamoa esa, ayniqsa, barcha sovrinlarni yutgandan so‘ng, yangilanishga, qon almashinuviga extiyoj sezadi.
Mana shu yerda Aleks Fergyusonning uzoq umr sirini yechgandek bo‘lamiz. U hech qachon transferlarga tizimli yondoshmagan. U hech qachon, deyarli, «menga falon amplua kerak» deb bozorga chiqmagan. Aksincha, ma'lum davrda qaysi javohir porlasa, qaysi kuchli futbolchi transfer uchun imkonli bo‘lsa harakat qilgan. Yevropada Ruud van Nistelroy degan gol mashinasi chiqdimi, sotib olamiz. Veron? Uning o‘rnida Skoulz bor, lekin, rekord summaga olib kelinadi. Angliyada yosh vunderkind Runi chiqdimi? Olamiz. «Sporting»dagi bola juda kuchli ekan. Kerak. «Arsenal» Robin van Persi bilan kelisha olmayapti. Taklif bilan chiqinglar.
Bekhem yashin tezlikda hujumni rivojlantiradigan va tezda to‘p bilan ajraladigan yarimhimoyachi. Krishtianu Ronaldu uning butunlay teskarisi. Ser Bekxemning o‘rniga Ronaldu bo‘lishiga hech qanday qarshi bo‘lmagan. Runi APLda bombardir, lekin ushbu sovrinni u bilan baham ko‘rgan Robin van Persini olib kelishda (hozir «Tottenhem» Vardini sotib olib, Keyn bilan birga o‘ynatishiga ishonasizmi? Men yo‘q, ammo Fergyuson bundan qo‘rqmagan. Gap maydondagi pozitsiya emas, to‘purarlik ambitsiyalarida) hech qanday muammo ko‘rilmagan. Nistelroy «MYu»ning 60 foiz gollarini urgan goleador, lekin u ketgach, o‘rtamiyona Lui Saaning transferi masalani hal qilib qo‘ygan. Natijada Nistelroyning ketishi Runi va Ronalduning tezkor hujumlariga zamin yaratdi, van Persi esa Runidan ajoyib dispetcher kashf qildi.
Klub rekord summaga u qadar zarur bo‘lmagan Veronni sotib olishi, shu bilan birga darvoza chizig‘ida Taibi-yu Hovard bilan muammolar ichida yuraveradi. Klub markazdagi muammolarni yechish uchun Skuolzni pensiyadan qaytaradi, xuddi boshqa futbolchi yo‘qdek, lekin uch oy o‘tib zaxirada o‘tiradigan Kagava uchun katta pul sarflanadi. Ya'ni, Fergyuson ko‘p muammolarni oldindan yoki qog‘ozda emas, jarayonda yechishni afzal bilardi. Bunday qarash bilan «Yunayted»da doim qaysidir chiziqda muammolar bo‘lgan, YeChLni yutgan tarkiblarida ham umuman u saviyaga mos bo‘lmagan ijrochilarni uchratasiz. Chempionlar ligasini yutgan Yevropaning eng kuchli jamoasi «Manchester Yunayted» bemalol o‘sha yozda o‘ng qanot himoya muammosini qanday yechish ustida bosh qotira olardi.
Bir qaraganda, Fergyuson faoliyatida o‘nlab mana shunday transfer «xato»larini ko‘rishimiz mumkin, ammo aynan mana shu «xato»lar jamoaning umrini uzoq qilgan – doim yechilishi kerak bo‘lgan muammolar, yangilanishlar jamoani doim harakatda, tetiklikda, rivojlanishda ushlab turgan. Fergyusonning «Yunayted»i hech qachon Mourinoning «Chelsi»si, Vengerning «Arsenali» yoki Pepning «Barselona»si kabi cho‘qqiga chiqmagan, ammo doim yuqoriga qarab yurgan. Menimcha, cho‘qqi Fergyusonga kerak ham emasdi, chunki u yerga chiqqandan keyin, tushish bor. Shuning uchun ham Ser Aleks Manchesterda o‘zining birinchi, ikkinchi, uchinchi va yana nechanchi chempion jamoalarini tuza olgan.
Diyego Jotaga qaytamiz. U Vernerdan farqli ravishda «Liverpul»ning zaxirasida o‘tirishga rozi edi. O‘yin uning atrofida qurilishi shart emas, Jotaning roli «Liverpul» sistemasidan biroz uzoq bo‘lgan, demak vaziyatga tizimli emas, farqli yondoshish kerak bo‘lganda ishlatiladigan opsiya. Aytish kerakki, portugaliyalik hujumchi bu rolni ajoyib tarzda bajarib turgandi.
Jota APLda atigi 9 o‘yinda (5 tasi asosiy tarkibda) maydonga tushdi va 5ta gol urdi. E'tiborlisi bu gollarning 3tasi o‘ta muhim bo‘lib, «Liverpul»ning odatiy o‘yini o‘xshamay turganda, Jota zaxiradan tushib burilish yasadi. «Sheffild» va «Vest Hem»ga qarshi o‘yinlarda (2:1) u g‘alaba golini urgan. «Brayton» bilan o‘yin ssenariysi ham deyarli shunday kechdi, ammo 90-daqiqada «Brayton» hisobni tenglashtirgandi. Ya'ni, deyarli uch o‘yinda Jota «Liverpul»ning o‘xshamagan o‘yinini qutqarib qolishning uddasidan chiqqandi. Anglash mumkinki, Jota jamoaning yaxshi kunlarida Firmino – Saloh – Mane bilan birgalikda ansambl ishtirokchi bo‘lishiga ancha bor, u aynan yangi qon vazifasini yaxshi bajarayotgandi.
Endi, yana bir fakt. «Liverpul»ning muvaffaqiyatsizligida Van Deykning jarohati asosiy faktor sifatida tilga olinyapti. Qizig‘i, Van Deyk jarohat olgach, keyingi 6 o‘yinda «Liverpul» 4 g‘alaba qozondi va 2 durang (biri «Siti» bilan) o‘ynadi. Keyin Jota ham jarohat oldi. Keyingi 8 o‘yinda 2 g‘alaba, 4 durang, 2 mag‘lubiyat. Xo‘sh, Van Deykning jarohati ko‘proq ta'sir qilganmi yoki Jotaning? Qiziq savol.
Aslida, albatta niderlandiyalik himoyachining o‘rni beqiyos – uning jarohati «Liverpul»dagi aynan sistemaning buzilishiga olib kelgan. Buni ko‘rish oson, birinchidan, Henderson himoyada o‘ynashga majbur bo‘lib, yarimhimoya asosiy quroldan ayrildi, ikkinchidan, himoya markazidagi muammo tufayli, ikki qanot, Trent va Roberson hujumda avvalgidek faol bo‘la olmadilar va natijada vaziyat yaratishda imkoniyatlar cheklandi. Ammo Jotaning gollari bu muammoni yopib, natijani barqaror saqlab turgandi. O‘sha yuqorida go‘yoki, Van Deykdan keyin «Liverpul» muvaffaqiyatli natija ko‘rsatgan 6 o‘yin ham aynan Jotaning qahramonliklari sodir bo‘lgan davr. Jota, qo‘shimcha opsiya ham, jarohatlangach esa «Liverpul»da go‘yoki «buzilgan sistema»dan boshqa hech narsa qolmadi.
Yana bir savol, tasavvur qiling, Van Deyk emas, aytaylik, Mane, Saloh, Henderson, hatto balki Trent shu tarzda uzoq muddatga safdan chiqqanida ham shunday muammolarga duch kelinarmidi? Menimcha, ha va o‘shanda ham, barcha sababni aynan o‘sha futbolchining jarohatlanishiga bog‘lagan bo‘lardik – agar Saloh bo‘lganida, mana bunday bo‘lardi, Hendersonning yo‘qligi (o‘tgan yilning fevralini eslang) jamoani kuchsizlantirdi, deb baralla aytayotgan bo‘lardik.
Ana endi, faqat bir futbolchiga qattiq bog‘liq jamoalarda (u jarohat olsa nima bo‘ladi?) kutiladigan faraziy muammolardan ko‘ra, tizimli jamoalardagi (har qaysi futbolchi jarohat olsa nima bo‘ladi?) «risk» kattaroq ekanini tushungandirsiz? Agar bunga «Liverpul»ning so‘nggi ikki yarim yilda kosmik kuchli futbol namoyish etganini sababli, tizimning pasayish ehtimoli yaqinlashganini ham qo‘shsak-chi?
Evrika! Balki, shuning uchun ham Tiago Alkantara hozirda «Liverpul»da eng yaxshi o‘yinchi sifatida ko‘rinayotgandir. Balki, yaqindagina dunyoning eng kuchli uchligi to‘p surgan va surayotgan jamoada Jotaning yetishmasligini aytishsa, u qadar absurd ko‘rinmayotgandir. Axir bu ikki futbolchi «Liverpul» tizimiga, o‘sha mukammal «Liverpul»ga begona bo‘lgan futbolchilar-ku?
Xulosa qilsak, «Liverpul» albatta kuchli bo‘lib qolaveradi, hali qaytadi, hatto bu yil ham chempion bo‘lishi, Yevropa Chempionlar ligasini olishi mumkin, bu ehtimoldan u qadar yiroq emas.
Ammo bu endi boshqa, Tiagu va Dioguli «Liverpul» bo‘ladi, biz bilgan, bizni maxliyo qilgan Kloppning birinchi «Liverpul»i endi yo‘q. Alvido!
Qahramon Aslanov
Mavzuga oid
11:53 / 25.11.2024
«Real» «Barsa»ga yetib olmoqda, Saloh «Liverpul»ni qutqardi. Kun o‘yinlari
11:13 / 10.11.2024
«Siti» inqirozda, «Liverpul» oldinlab ketdi. Kun o‘yinlari
23:49 / 08.11.2024
Britaniyada hospis yopilmasligi uchun 6 mln funt sterling xayriya mablag‘i to‘plandi
14:28 / 28.10.2024