O‘zbekiston | 12:48 / 28.01.2021
14339
2 daqiqa o‘qiladi

2020 yilda Toshkentda yuzdan ortiq ko‘p qavatli binolar noqonuniy qurilgan - Toshkent shahri bosh arxitektori

2020 yil Toshkent shahrida yuzdan ortiq ko‘p qavatli binolar noqonuniy qurilgan, deb bayonot berdi poytaxtning bosh arxitektori Nuriddin Soatov.

«Aksariyat holatlarda yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun ajratilgan yer uchastkalarida ko‘p kvartirali uy-joylar qurish holatlari ko‘p kuzatilmoqda. Oqibatda bunday joylarda qurilgan ko‘p kvartirali uylardagi muhandislik kommunikatsiyalari tizimiga salbiy ta'sir o‘tkazib, ayrimlarini quvvati yetmay, ayrimlarida esa turli xil avariya holatlari kelib chiqmoqda. 

2020 yilda o‘tkazilgan xatlovda 100dan ortiq yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun ajratilgan yer uchastkalarida yakka tartibda uy-joy qurmasdan, uch va undan ortiq qavatli (ko‘p kvartirali) uy-joylar (dom) qurilgani aniqlangan. Buning oqibatida, shu uylar atrofidagi aholining noroziligi, kommunal sohadagi muammolar ortib bormoqda», – dedi Nuriddin Soatov 28 yanvar kungi brifingda.

Avvalroq xuddi shu mazmundagi gaplarni shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev ham aytgan edi.

Eslatib o‘tamiz, yangi tahrirdagi Shaharsozlik kodeksida yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun ajratilgan yer uchastkalarida ikki va undan ortiq qavat bo‘lgan ko‘p kvartirali uylarni qurish taqiqlandi.

Toshkent shahri prokurori Bahriddin Valiyev ham juda ko‘p qurilishlarga ruxsat berib yuborilganini tasdiqlagandi.

«Toshkent shahrini olsangiz, juda ko‘p qurilishlarga ruxsat berilib ketgan. Nazarimda, buni shahar hokimiga bog‘lash noto‘g‘ri bo‘ladi. Men buni o‘rganib ko‘rganman.

Bilasizmi, qurilish qilayotgan fuqaro yerni bir maqsadda oladi, ikkinchi maqsadga ishlatadi. Masalan, bir qavatli bino yoki ofis quraman, deydi. Keyin ikkinchi marta murojaat qiladi-da, 8-9 qavatli uy quraman deydi. Bu yerda asosiy manfaat – tezda sotib, tezda boyish», – degandi Bahriddin Valiyev Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida.

Mavzuga oid