Deputatlar saylov kunini ko‘chirishga oid qonunni qabul qildi
Qonunchilik palatasi Konstitutsiya va Saylov kodeksiga tegishli o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. O‘zgarishlardan biri saylov sanasini dekabrdan oktyabrga ko‘chirishni ko‘zda tutadi. Senat ham ushbu qonun loyihasini ma'qullab, prezident imzolasa, 2021 yilgi prezidentlik saylovlari 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari 29 yanvar kungi yig‘ilishda Prezident saylovlari sanasini o‘zgartirish va boshqa qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonunni qabul qildi.
«Qonunchilik palatasi deputatlari Prezident saylovlari sanasini o‘zgartirish va boshqa qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonunni qabul qildi. Xususan, siyosiy partiyalarga saylov kampaniyasi davrida Davlat budjetidan ajratilgan mablag‘lar uchun G‘aznachilikda hisobvaroq ochilmaydigan bo‘ldi», deyiladi Yuksalish — LIVE xabarida.
Hujjat Senatga yuboriladi.
Bundan avvalroq O‘zbekistonda prezident saylovlari oktabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi mumkinligi haqida xabar qilingan, bu masala quyi palatadagi siyosiy partiyalar fraksiyalari yig‘ilishida muhokama qilingani, agar yangi tartib qabul qilinsa, 2021 yilgi prezident saylovlari 24 oktyabrga to‘g‘ri kelishi aytilgandi.
Keyinroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Prezidentlik saylovi muddati ko‘chirilishiga izoh bergan, amaldagi qonunchilikka muvofiq, Prezidentlik saylovi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hamda mahalliy vakillik organlariga saylovlar tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda — dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilishi, bu esa saylovlardan keyingi siyosiy tadbirlarni o‘tkazish, jumladan, Davlat dasturini qabul qilish va boshqa islohotlarning kechiktirilishiga sabab bo‘lishi aytilgan, shu sababli, qonun loyihasiga ko‘ra, saylovlarni oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazish taklif etilayotgani ma'lum qilingandi.
- Ma'lumot uchun, prezident saylovini O‘zbekiston fuqarolari umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan amalga oshiradi. Ushbu lavozimga 35 yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston fuqarosi saylanishi mumkin. O‘zbekiston prezidenti besh yil muddatga saylanadi.
Mavzuga oid
13:49 / 18.11.2024
Moldovadagi saylovlar: KS shikoyatlar tufayli natijalarni hali tasdiqlamadi
16:56 / 14.11.2024
AQSh saylovlarida respublikachilar Kongressda ham ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi
21:49 / 08.11.2024
Ishchilar sinfi isyoni yoki muvaffaqiyatsiz kampaniya? Harris saylovda nega yutqazdi?
12:46 / 08.11.2024