O‘zbekiston | 22:14 / 05.02.2021
17854
2 daqiqa o‘qiladi

Adliya vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi

Adliya vazirligida Bahrom Qo‘chqorov o‘rniga vazirning yangi o‘rinbosari ish boshladi.

Alisher Nishanovich Karimov adliya vazirining o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

A.Karimov 1978 yilda Andijon viloyati, Xo‘jaobod tumanida tug‘ilgan, ma'lumoti oliy, 1999 yilda Toshkent davlat yuridik instituti, 2011 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan, mutaxassisligi huquqshunos. 

U o‘z mehnat faoliyatini 1999 yilda Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi (hozirgi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi) Yuridik boshqarmasi yetakchi mutaxassisi lavozimida boshlagan.  

A.Karimov turli yillarda Tashqi iqtisodiy aloqalar agentligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi tizimida bosh mutaxassis, bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari va boshqarma boshlig‘i, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining Ukrainadagi elchixonasi maslahatchisi lavozimlarida faoliyat olib borgan. 

Adliya vazirligidagi faoliyatini 2017 yilda Jinoiy, ma'muriy va ijtimoiy qonunchilik boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlashdan boshlagan. 2019 yildan hozirgi vaqtga qadar Adliya vazirligi Qonunchilik bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Bundan oldinroq, 2020 yil mayidan buyon adliya vaziri o‘rinbosari bo‘lgan Bahrom Qo‘chqorov Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari lavozimiga o‘tgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid

E`lonlar