O‘zbekiston | 15:38 / 05.02.2021
5105
2 daqiqa o‘qiladi

San-Marino O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 136-davlat bo‘ldi

Joriy yil 3 fevral kuni O‘zbekiston va San-Marino o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risidagi protokolni rasmiy imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: dunyo.info

Mamlakatning Italiyadagi elchixonasi ma'lumotiga ko‘ra, hujjatni O‘zbekiston tomonidan elchi Otabek Akbarov, San-Marino tomonidan esa ushbu davlatning Italiyadagi elchisi Daniela Rotondaro imzoladi.

Ikki mamlakatda ichki protseduralar o‘tkazilgandan so‘ng, mazkur hujjat kuchga kiradi va San-Marino O‘zbekiston bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatgan 136-davlat bo‘ladi.

San-Marino dunyodagi eng kichik davlatlardan biri hisoblanadi. Mamlakat to‘rt tomondan ham Italiya bilan chegaradosh. San-Marino aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichi bo‘yicha (2020 yil – 56 ming 690 dollar) dunyodagi eng boy mamlakatlardan biridir.

Elchi Daniela Rotondaroning fikriga ko‘ra, ikki mamlakat oziq-ovqat xavfsizligi va sog‘lom ovqatlanishni ta'minlash hamda kambag‘allikni bartaraf etishda birgalikda ishlashi mumkin. 

Shuningdek, u o‘zaro munosabatlarni savdo-iqtisodiy hamkorlik orqali rivojlantirishdan manfaatdorligini qayd etdi. Xususan, elchining so‘zlariga ko‘ra, San-Marino investitsiyalarni o‘zaro himoya qilish va rag‘batlantirish, ikki tomonlama soliqqa tortmaslik to‘g‘risidagi shartnomalarni ishlab chiqish va imzolashga tayyor. 

Mavzuga oid