Jahon | 16:49 / 16.02.2021
5975
3 daqiqa o‘qiladi

Eron MAGATEga yadro obektlariga kirishni taqiqlash bilan tahdid qildi

Rasmiy Tehron atom kelishuviga fevral oyi tugamasidan qaytishni talab qildi. Aks holda uning atom obektlariga xalqaro inspeksiya vakillari kiritilmaydi.

AQSh bilan atom loyihasi borasida mojaro shu oy oxirigacha hal qilinmagan taqdirda Eron MAGATE (Xalqaro atom energiyasi agentligi) inspektorlarini o‘z atom obektlariga kirishini qat'iy cheklab qo‘yish bilan tahdid qildi. «Fevral oxirigacha kelishuv qayta ko‘rib chiqilmasa, parlament qaroriga ko‘ra MAGATEning qo‘shimcha protokoli talablarini bajarishni to‘xtatishga majbur bo‘lamiz», deydi Eron tashqi ishlar vazirligi vakili Said Xatibzoda 15 fevral kuni bergan bayonotida.

Qo‘shimcha protokol Eron yadro quroliga ega bo‘lmasligi uchun imzolangan Harakatlarning keng qamrovli qo‘shma rejasining bir qismi hisoblanadi. Ushbu protokol MAGATE inspektorlariga Eronning atom obektlariga kirishga cheklanmagan, shu jumladan, kutilmagan tekshiruv o‘tkazish huquqini beradi. Agar protokol o‘z kuchini yo‘qotsa, atom kelishuvidan amalda hech narsa qolmaydi.

Kelishuvdan bosqichma-bosqich voz kechish

AQSh Harakatlarning keng qamrovli qo‘shma rejasidan bir tomonlama chiqib ketgach, Eron 2019 yilning may oyidan buyon kelishuvning texnik shartlarini bajarishdan asta-sekin bosh tortib kelmoqda. Jumladan, rasmiy Tehron uranni yanada yuqoriroq darajada boyitish, metall uran ishlab chiqarish hamda tezroq tsenrfugalar yaratish va kelishuvda ruxsat berilganidan ancha ko‘proq uran saqlashni boshladi.

Yaqinda Eronning davlat xavfsizligi rahbari Mahmud Alaviyning bayonoti katta xavotir uyg‘otdi. Alaviy AQSh Eronga qarshi sanksiyalarni bekor qilmasa, yadro bombasini yaratishni aytib bilvosita tahdid qilgandi. Xatibzoda esa, bunday ehtimolni rad etdi. «Maqsadimiz – tinchlik yo‘lidagi atom loyihasi, ko‘p narsa o‘zgargani yo‘q. Islom nuqtayi nazaridan ham ommaviy qirg‘in qurolini yaratish hanuz taqiqlangan», deya ta'kidlagan u.

AQSh siyosatining o‘zgarishiga umid

AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp 2018 yilning may oyida Eron bilan xalqaro atom kelishuvidan chiqqan edi. Keskin sanksiya va Tehronga kuchli bosim o‘tkazish orqali u qat'iyroq va uzoq muddatli shartlar qo‘ymoqchi edi. Sanksiyalar Eron tarixidagi eng yomon inqirozlarga sabab bo‘ldi.

Eron prezidenti Hasan Ruhoniy AQShning yangi prezidenti Jo Baydendan yangicha siyosat kutmoqda. U birinchi qadamni AQSh tarafdan kutib, yana muzokaralar stoliga o‘tirishga taklif kutyapti.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid