Jamiyat | 17:59 / 21.02.2021
54028
8 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekmisan?!»: Muammolarni oshkor qilish - millatni sharmanda qilishmi?

Foto: Zanariah Salam/Getty Images

Mantiq degan soha bor. U inson ongining bir jabhasi bo‘lib, harakatlarni to‘g‘ri qilishga, ya'ni inson harakatlari o‘sha insonga zarar emas, foyda keltirishiga xizmat qiladi.

Masalan, odamga o‘zi o‘tirgan daraxt shoxini arralash – pirovardida «noqulaylik» keltirishini aynan oddiy mantiq anglatadi. Tabiiyki, «mantiq apparati» buzilsa, kishi «o‘zi o‘tirgan shoxni arralash»ga moyil bo‘lib qoladi.

Muammolarni oshkor qilish – shahar/tuman/viloyatni butun respublikaga, millat va davlatni esa dunyoga sharmanda qilish degan «mantiqsiz g‘oya», kayfiyat odamlarda endigina paydo bo‘lib qolgani yo‘q – so‘z erkinligini bo‘g‘ish boshlangan paytda mafkuraning bir qismi o‘laroq shakllana boshlangan. Hozirgi kunga kelib, so‘z erkinligiga yo‘l berilayotgan davrda – bu ikkisi har qadamda to‘qnashib qolmoqda: bir tomon yechim topilishini istab muammolarni ochishga urinayotgan bo‘lsa, boshqa tarafdagilar birinchi tarafni millat, davlat sha'niga putur yetkazishda ayblab, nafrat bilan qarashmoqda.

Oddiy mantiqqa murojaat qiladigan bo‘lsak, millat, davlat sha'niga aynan muammolarning ko‘pligi salbiy ta'sir etadi. Zero, aynan yechilmagan muammolar yig‘ilib-yig‘ilib, noxush manzara hosil qiladi va mamlakatni sharmanda qiladi. Ta'bir joiz bo‘lsa, o‘nta muammoni yashirolsangiz ham, bu yoqda hal qilinmagan muammolar «mana men» deb turadi va bu bilan umumiy manzarani baribir ko‘rsatib qo‘yadi, u yoqda o‘nta muammo yashirilishi esa baribir ob-havoni o‘zgartirolmaydi.

Zotan, dunyo hamjamiyati oldida obro‘ qozonish uchun o‘nta muammoni yashirish emas, yuzta muammoni baralla e'tirof etish va hal qilish darkor. Obro‘-sha'nimiz umumiy manzaramiz bilan bog‘liq bo‘lib, uni esa ko‘plab omillar majmuasi ko‘rsatadi. Dunyo hamjamiyati shu majmuaga (ko‘rsatkichlarga) qarab holatimizga baho beradi. Muammolarni yashirishga urinish esa obro‘yimizni yanada tushiradi, ko‘tarmaydi.

«O‘zbekmisan?!»

Shu yerda aytish kerakki, muammolarni oshkor qilishga qarshi bo‘lgan toifa negadir muammolarni oshkor qilayotganlarga qarab «o‘zbekmisan?!» degan tahdid aralash savol berishi holatlari uchrab turadi...

Xususan, Kun.uz muxbirlari ham ish davomida bir necha bor shunday reaksiyaga duch kelishgan. Muammolarni ko‘tarishga kelganlarni bunday qarshi olganlar bu bilan «o‘zbek bo‘la turib, nega muammolarimizni oshkor qilyapsan, o‘zbek o‘z mamlakatidagi muammolarni oshkor qilmasligi kerak yo sen o‘zbekmasmisan?» demoqchi bo‘ladi.

Ya'ni muammolarni ko‘rganda ularni aylanib o‘tish yoki borib biror mas'ulga aytish (go‘yo bu bilan muammo hal bo‘ladigandek) asl o‘zbekka xos xislat, bunday qilmasa, uning o‘zbekligiga shubha bor, degan luqma yotadi bu yerda.

Savol: o‘zbeklar o‘zini shu tarzda tutishlari – muammolarga ko‘milib yotishlari kerakligi haqidagi tushuncha, muammolarni oshkor qilayotganlarga nisbatan ola qarash qayerdan kelib chiqqan? Shu haqda biroz fikrlashaylik.

«Kattalar o‘zlari biladi»

«Davlat» deganda qandaydir qudratli, hamma narsani ko‘ra oladigan «shaxs»ni tasavvur etish va shu sabab muammolarni ko‘rganda «yuqoridagi» kimlardir ularni o‘zlari hal qiladi, deb o‘tib ketish kayfiyati, shu sabab muammolarni oshkor qilish go‘yo davlatning sha'niga putur yetkazish deb bilish, boshqacha qilib aytganda, ong ostida «davlatni xudolashtirish» oldimizga qo‘ygan savolimizga bir javob bo‘ladi.

Bu dardning muolajasi esa oddiy mantiqiy haqiqatlarni «tiriltirish» bilan bo‘ladi: davlat qudratli shaxs emas, balki ko‘plab katta-yu kichik darajadagi davlat xizmatchilaridan iborat bo‘lgan, xalq ta'sis etgan tuzilmadir. Davlatni shaxslashtirish uni – davlatni noto‘g‘ri anglashga olib boradi, u haqdagi tushunchaning oyog‘ini osmondan qiladi. Muammolarni aylanib o‘tish, «o‘zbekmisan»lash shundan bo‘ladi.

Jamiyat mas'uliyati

Ma'lumki, hur insongina o‘zini ko‘p narsalarga mas'ul deb biladi – qulning mas'uliyati egasining aytganini qilish bilan cheklanadi. Inson qanchalik hur bo‘lsa, atrofda bo‘layotgan ishlarda shunchalik o‘zini mas'ul deb biladi. Xususan, hur insonda ijtimoiy, ya'ni jamiyat mas'uliyati bo‘ladi. Bu nima degani?

Bu degani kishi jamiyatga ozor yetkazayotgan muammoga duch kelganda «bu muammo mening ham muammom, zero, men shu jamiyat a'zosiman, shu tananing bir qismiman, shu jamiyatning salomatligi mening ham salomatligim, ravnaqi – mening ravnaqim», degan kayfiyatda bo‘ladi.

Jamiyat a'zosiki, o‘zini shunday tutmayaptimi, demak, u chinakamiga hur inson emas, u o‘zini hur insonlar jamiyatining bir a'zosi deb bilmaydi. O‘zi yashab turgan yurtni esa o‘z xayolida yaratib olgan qandaydir qudratli, voqelikda mavjud bo‘lmagan supershaxs – davlatning mulki, deb hisoblaydi. Inchunun, ongi tubida o‘zini qullardan bir qul deb hisoblaydi, garchi o‘zini qul deb atamasa ham.

Bir toifa tomonidan «yurtning egasi bor» jumlasi iste'molda qo‘llanishi ham so‘zimizga isbot bo‘ladi. Zero, bu yerda «ega» deb ongli jamiyat emas, balki barcha ishlarni gardanida tutgan «kimdir» – qudratli davlat nazarda tutiladi. Ongli jamiyat nazoratisiz har qanday davlat tizimi parokanda bo‘lishi esa e'tibordan soqit qilinadi.

Bunaqa «ega»ning kishilar ongida mustaqim bo‘lishi zamirida barcha mas'uliyatni kimnidir egniga yuklab, o‘zini mas'uliyatdan olib qochish yotadi. Mas'uliyat yukidan xalos bo‘lish uchun voqelikda mavjud bo‘lmagan, barcha muammolarni o‘zi hal qila oladigan, mingqo‘lli, mingko‘zli tizimlar (kuchlar) o‘ylab topiladi, «o‘zbek muammosini oshkor qilmaydi» degan «nazariya»lar ixtiro qilinadi, yozilmagan soxta or-nomus qonuniyatlari «joriy» qilinadi, «o‘zbekmisan» kabi luqmalar iste'molga kiritiladi.

«Qissadan hissa» shuki, muntazam urinishlar natijasida mantiqsizlik darajasini yuqori darajaga ko‘tardik – o‘ta oddiy mantiq taqozo qiladigan haqiqatlarga zid boradigan bo‘lib qoldik. Xususan, muammolarni yashirishni «yaxshilikka» aylantirishgacha yetib bordik va bu ishimizga sabablarni ham o‘ylab topyapmiz...

Shokir Sharipov

Mavzuga oid