O‘zbekiston | 13:38 / 26.02.2021
8822
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Abdurazzoqov Senat a'zosi etib saylandi

Namangan viloyatining Davlatobod tumanidagi viloyat madaniyat saroyida xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman kengashlarining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda bo‘shab qolgan o‘ringa Oliy Majlis Senati a'zosini saylash masalasi ko‘rildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Maslahat kengashi tomonidan qo‘shma majlis muhokamasiga 6-Serob saylov okrugidan xalq deputatlari viloyat kengashi deputati, viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov nomzodini yashirin ovoz berish uchun byulletenga kiritish taklif qilindi.

Ovoz berishda Namangan viloyati, shahar va tuman kengashlarining 405 nafar deputatidan 389 nafari ishtirok etdi, 379 nafari Shavkatjon Abdurazzoqovni yoqlab ovoz berdi. Shu taxlit viloyat hokimi senator etib saylandi.

Ma'lumot uchun, Shavkatjon Abdurazzoqov 1976 yilda Namangan shahrida tug‘ilgan. 1998 yilda Namangan sanoat-texnologiya instituti, 2006 yilda Prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1998 yilda Iqtisodiy nochor korxonalar ishlari bo‘yicha Namangan viloyat boshqarmasi yetakchi mutaxassisligidan boshlagan.

2001–2015 yillarda Namangan viloyati hokimligi industriyani rivojlantirish, qurilish va kommunikatsiyalar masalalari kotibiyati referenti, Namangan viloyati Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari, boshqarma boshlig‘i vazifasini bajaruvchi, boshqarma boshlig‘i, Vazirlar Mahkamasi Iqtisodiyot va tashqi iqtisodiy aloqalar masalalari yig‘ma axborot-tahlil departamenti hududlarni kompleks rivojlantirish sho‘'basining yetakchi mutaxassisi, bosh mutaxassisi bo‘lib ishlagan.

2015–2017 yillarda Namangan tumani hokimi bo‘lgan. 2017 yili Vazirlar Mahkamasi Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste'mol tovarlari masalalari axborot-tahlil departamentining mudiri etib tayinlangan.

2017–2020 yillarda Namangan shahri hokimi lavozimida faoliyat yuritgan. 2020 yil 5 martdan O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan.

Abdurazzoqov 2020 yil 25 sentyabrida Namangan viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. 2021 yil 19 fevralda ushbu lavozimga tasdiqlandi.

Mavzuga oid